"Islomiy davlat"ning propagandasi susaydimi?

  • Amerika Ovozi

Iroq va Suriyada "Islomiy davlat"ning hududlari yanada torayib borar ekan, guruhning propaganda usullari ham o'zgarmoqda. Guruh chiqargan so'nggi videolarda asosiy e'tibor Iroqdagi Musul shahriga qaratilgan. Shuningdek, xorijliklarni guruhga qo'shilishga chaqiruvchi da'vatlar kamaygan.

"Islomiy davlat" chiqargan so'nggi videolardan birida Musul shahridagi xudkushlik hujumlari aks etgan.

Londonda Radikalizmni o'rganuvchi xalqaro markaz tahlilchisi Charli Uinter bir necha yillardan beri terrorchi guruh propagandasini kuzatib keladi.

"Urush atrofiga qurilgan islomiy utopiya g'oyasida katta o'zgarish yuz berdi. Bu kabi videolarda "Islomiy davlat" hududlarini boy berayotgan bo'lsa ham ularni himoya qilish dushman tomonga juda qimmatga tushayotgani ko'rsatilgan", - deydi u.

"Islomiy davlat" hududlari kengayib borayotgan paytda guruh videolarida asosiy g'oya islom xalifaligini qurishga qaratilgan edi. Masalan, 2014-yilgi filmlardan birida britaniyalik jangari musulmonlarni Iroq va Suriyaga kelishga undaydi.

"Guruh hanuz xorijlik jangarilar bilan aloqa o'rnatishga urinadi, ammo boshqacha usulda. Ortiq odamlarni Iroq va Suriyaga hijat qilishga chaqirmayapti. O'z uyingizda o'tirib hujum qiling, deb aytyapti", - deydi Uinter.

"Islomiy davlat" Yaqin Sharqdan tashqarida Fransiya, Germaniya va Turkiyada ham xurujlarni amalga oshirgan. Ammo islomiy xalifalik orzusi so'nib borar ekan, propaganda shashti ham pasaygan, deydi u.

"Targ'ibot olib borish mumkin bo'lgan joylar kamaydi. Bu narsa tayyorlanadigan hududlar ham ozaydi. Koalitsiya ularning propagandachilarini ham nishonga olmoqda. Har tarafdan qurshab olingan", - deydi tahlilchi.

"Islomiy davlat" utopiya g'oyalaridan hanuz voz kechgani yo'q. Filmlaridan birida Suriyaning Raqqa shahrida jamoat xizmatlari qanday boshqarilgani aks etadi. Hatto yo'l harakati bo'yicha politsiyachilar ham bor.

"Guruh Raqqa kabi asosiy manzillari ham xavf ostida qolganini sezgandek. Kayfiyatni ko'tarish uchun bu shahar guruh kuchaygan paytlar qanday boshqarilganini videoda aks ettirishgan", - deydi Uinter.

Tahlilchining kuzatishicha, terrorchi guruh haddan ziyod zo'ravonlik aks etgan materiallarni tayyorlashda davom etmoqda, ammo videolarda bu narsa kamaygan. Bu esa guruhning media qanoti zaiflashganidan darak, deydi tahlilchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG