Breaking News

"Islomiy davlat" islomshunoslarni nishonga olmoqda


Misr masjidlarida
Misr masjidlarida

"Islomiy davlat" internetda ulamolar va dinshunoslarga qarshi urush e'lon qilib, yoshlarni ularga ergashmaslikka undamoqda. Terrorchi to'da nazarida arab va musulmon dunyosi hamda G'arbdagi mulla va islomshunoslar ommani aslida bu e'tiqodga qarshi qayrab kelmoqda.

Arab davlatlari G'arb qo'lida o'yinchoq va ittifoqchilar birgalikda musulmonlarni o'ldirmoqda, deya iddao qilinadi "Islomiy davlat" propagandasida.

Tahlilchilar fikricha esa bunday targ'ibot guruh zaiflashganidan, unga ruhiy va moddiy yordam zarurligidan darak beradi. Yoshlarni o'z safiga chorlash bilan "Islomiy davlat" o'tgan bir yil ichida yo'qotgan a'zolarining o'rnini to'ldirmoqchi. To'da moliyaviy manbalaridan ayrilgan.

Iroqning Musul shahrini bu guruhdan tozalash kampaniyasi davom etar ekan, xalq orasida shialar boshqaruvidagi markaziy hukumatga ishonch past. Asosan sunniylar va boshqa e'tiqod vakillari yashab kelgan shahar kelajagi nima bo'ladi degan savol hukmron. Iroq - mazhablararo nizolar maydoni.

"Islomiy davlat" salafiy olim va Misrda tanilgan ulamo Yusuf al-Qaradaviy hamda Saudiya Arabistonining Abd al-Aziz Aal al-Shayx degan arbobini qoralab, ularni musulmon yoshlarning miyasini zaharlayotganlikda ayblamoqda.

"Musulmon birodarlar" siyosiy harakati yetakchilari ham, terrorchilar fikricha, "sotilgan ulamolar". AQSh hukumati yaqin orada "Musulmon birodarlar"ni terror tashkiloti deb e'lon qilishi mumkin. Prezident Donald Tramp va Oq uy rasmiylari bu harakatni al-Qoida va "Islomiy davlat"ning yonini olayotganlikda gumon qiladi.

Islom olamida "Islomiy davlat" va uning yetakchisi Abu Bakr al-Bag'dodiy keskin tanqid qilinib, ulamolar bu vahshiy to'daning dinga va iymonga umuman aloqasi yo'q, deb keladi.

Arab ulamolar ommani terrorchilarning gaplariga uchmaslikka, yoshlarga bilim berib, ularni to'g'ri yo'lga boshlash uchun siyosiy va ijtimoiy choralar ko'rishga chorlamoqda.

Iroq va Suriyadek notinch o'lkalardan tortib, barqaror va boy Fors ko'rfazi mamlakatlarigacha, Afrika shimolidan tortib Osiyogacha, musulmon dunyosi terrorga qarshi bir ovozdan bosh ko'tarib, ularning sa'y-harakatlarini yo'qqa chiqarishi lozim, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan mutaxassislar.

G'arbda yashovchi taniqli ulamolar, xususan Muhammad al-Arifiy, shayx Shadi al-Sulaymon va Umar Sulaymon ham "Islomiy davlat" nishonida. Ular Amerika va Avstraliyada faoliyat yuritib kelayotgan arboblardir. 35 yetakchi ulamo terrorchilar qora qo'yxatida.

Iste'fodagi diplomat Alberto Fernandez deydiki, aslida "Islomiy davlat" dindan eng uzoq va uni tepkilab kelayotgan harakatdir. Qonxo'rlikda ularga yetadigan guruh yo'q dunyoda, deydi Fernandez.

Tinchlik, bag'rikenglik va iymonga undab kelayotgan ulamolarga qarshi targ'ibot bilan terrorchilar o'zlarini e'tiqodga naqadar begona odamlar ekanini isbotlamoqda.

Garvard universitetidan Pit Notgen tahlilicha, Iroq va Suriya ahli "Islomiy davlat" shafqatsiz insonlar to'dasi ekaniga har kuni guvoh. Shunday ekan, bu mamlakatlarning yoshlari ularning propagandasiga ishonmaydi, deydi olim, biroq uzoqda yashaydiganlar, asl vaziyat bilan yaxshi tanish bo'lmagan avlod hali ham terrorchilar safiga intilayotgan bo'lishi mumkin.

Musulda "Islomiy davlat" tashlab qochgan joylardan spirtli ichimliklarning idishlari, islomda man etilgan narsalarning qoldiqlari topilgan. Shaharga qaytib kelayotgan aholi bu to'da nima ishlar qilganini o'z ko'zi bilan ko'rib turibdi.

Notgen singari ekspertlar deydiki, "Islomiy davlat" hozir hayot uchun kurashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG