Breaking News

1-noyabr - Isroilda parlament saylovi. Nomzodlar kim?


Isroil sobiq bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Tel-Avivda tashviqot olib boryapti, 28-oktabr, 2022-yil
Isroil sobiq bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Tel-Avivda tashviqot olib boryapti, 28-oktabr, 2022-yil

Isroil so’nggi salkam 4 yilda 5-saylovga hozirlanmoqda. Saylov 1-noyabrga belgilangan. Ba’zi kuzatuvchilar sobiq bosh vazir Benyamin Netanyaxuning hokimiyatga qaytishini bashorat qilmoqda.

Mamlakatni 12 yil boshqargan tajribali siyosatchi mansabni suiiste’mol qilishga doir qator ayblovlarga yuz tutib, hokimiyatdan ketishga majbur bo’ldi. So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, uning “Likud” partiyasi va ittifoqchi guruhlar saylovdan oldin birinchi o’rinda ketyapti.

Saylovda yana kimlar qatnashadi?

58 yashar bosh vazir Yair Lapid o’tmishda teleboshlovchi, moliya va tashqi ishlar vaziri bo’lgan, sentrist qarashlarga ega. Uning “Yesh Atid” partiyasi so’rovlarda ikkinchi o’rinda ketmoqda. Partiya saylovda o’ng va so’l qanot guruhlar bilan ittifoqda ishtirok etadi.

Lapid bir paytlar Netanyaxu hukumatida ishlagan, biroq kelishmovchiliklar sabab uning koalitsiyasidan chiqib, millatchi Naftali Bennet partiyasi bilan ittifoq tuzadi. Millatchi, liberal va arab partiyalaridan iborat ushbu blok so’nggi saylovda g’alaba qozondi. Bosh vazirlikni qo’lga olgan Bennet ichki nizolardan so’ng iyun oyida parlament tarqalishi ketidan bosh vazirlikni Lapidga topshiradi.

Netanyaxuning sobiq safdoshi, Mudofaa vaziri Benni Gans “Sionist ittifoqi” siyosiy blokini boshqaradi. Bashoratlarga ko’ra, alyans saylovda marraga uchinchi bo’lib kelishi mumkin.

63 yashar Gans o’zini birlik hukumatini tuzish salohiyatiga qodir yagona siyosatchi deb atamoqda.

Bundan tashqari, “Yahudiy qudrati” deb nomlanuvchi ultramillatchi guruhni boshqaruvchi qonunchi Itamar Ben Gvir hamda arab partiyalari ham poygada qatnashadi.

Isroil siyosatida odatda hech bir partiya Knessetni yolg’iz o’zi zabt eta olmaydi. 120 ta o’rinlik parlamentda ko’pchilikka ega bo’lish uchun saylovdan o’tgan fraksiyalar bir-biri bilan ittifoq tuzishga majbur bo’ladi.

Isroillik arablar Netanyaxu blokiga qarshi, biroq arab partiyalari parlamentga kirishi uchun falastinliklar saylovda faol bo’lishi kerak. So’nggi ijtimoiy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, falastinliklarning saylovlardan ko’ngli qolgan, atigi 42 foizi ovoz berishni rejalayapti. O’tgan yilgi saylovda bu raqam 46 foizga teng edi.

9 million aholiga ega Isroilda arab aholi 20 foizni tashkil etadi. Aksariyati 1948-yilgi urushdan keyin hududda qolgan falastinliklarning avlodlari.

Oxirgi saylovda arablar partiyasidan 4 kishi parlamentga kirishga muvaffaq bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG