Breaking News

Isroil Rossiya bilan aloqani mustahkamlamoqda


Isroil va Rossiya rahbarlari Moskvada uchrashmoqda, 7-iyun, 2016-yil
Isroil va Rossiya rahbarlari Moskvada uchrashmoqda, 7-iyun, 2016-yil

7-iyun kuni Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvi so'nggi salkam ikki oyda ikkinchisi bo'ldi.

Kuzatuvchilarga ko'ra, Rossiyaning AQSh bilan munosabatlari sovuq bir paytda Amerikaning ittifoqchisi bo'lgan Isroilning Kreml bilan aloqalari kuchaymoqda. Tahlilchilar buni Rossiyaning Yaqin Sharqda ta'siri oshayotgani bilan bog'lamoqda.

Qo'shma Shtatlar Suriyada Prezident Bashar Assadga qarshi jang qilayotgan muxolif kuchlarni qo'llab-quvvatlasa, Rossiya Assad armiyasiga madad bermoqda. Isroilni, asosan, Assad tomonida jang qilayotgan eronlik jangchilar va Livanning Hizbulloh harakati tashvishga solmoqda.

Netanyaxu Putin bilan muloqot chog'ida Isroilni o'ziga dushman deb bilgan bu guruhlarga ilg'or qurol bermaslikni so'ragan.

“Albatta, Rossiya bunga kafolat bersa ham Netanyaxu Kreml Tehron va Damashq o'rtasidagi aloqalarni nazorat eta olmasligini yaxshi tushunadi. Suriya va Eron maxsus kuchlari "Alloh partiyasi"ni zarur qurollar bilan ta'minlab kelgan va bundan keyin ham shunday qiladi", - deydi xalqaro aloqalar bo'yicha mutaxassis Sergey Balmasov.

Netanyaxu aprel oyida Moskvaga borganida Rossiya bilan xavfsizlik bitimi imzolangan edi. Tomonlar hujjatdan ko'ngli to'q ekanini aytadi. Bitim Suriya osmonida fojiali holatlarning oldini olishga qaratilgan.

"O'tgan yil sentabridan beri bu ikki mamlakat Suriya bo'yicha ancha samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Isroil rus harbiy samolyotlarining uning havo chegaralarini ba'zida buzayotganiga ko'z yumib kelyapti, Rossiya esa Isroil harbiy-havo kuchlarining eronliklar va Hizbulloh jangarilarini nishonga olayotganini ko'rmaganga olyapti", - deydi Balmasov.

Uning aytishicha, Isroil rahbarining Rossiyaga tez-tez qatnayotgani AQSh va Isroil munosabatlari darz ketayotganidan dalolat.

Yahudiy davlati Vashington va Bryusselning Ukraina va Qrim yuzasidan Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalariga qo'shilmadi.

“Qo'shma Shtatlar Isroilning ayrim hududlarini tan olmaydi. Vashington Rossiyaga qo'shib olingan Qrimni ham Rossiya hududi deb bilmaydi. Demak, siyosiy jihatdan Isroil va Rossiyani bir-biriga yaqin desak bo'ladi", - deydi Rossiya Fanlar akademiyasi qoshidagi Sharqshunoslik instituti tadqiqotchisi Dmitriy Maryasis.

May oyida Isroil sobiq tashqi ishlar vaziri Avigdor Liberman mudofaa vaziri etib tayinlandi. Vazir Kishinyovda tug'ilgan, ruschani biladi, ba'zilar uni Putinga maslakdosh deb biladi.

"Uning mudofaa vaziri etib tayinlanishi Isroil-Rossiya munosabatlari uchun ijobiy hol", - deydi tahlilchi Balmasov.

Siyosiy va harbiy boradagi hamkorlikka qaramay, ikki davlat savdo aloqalari 2015-yilda 32 foizga kamaydi, Isroilga sayohat qiluvchi rossiyaliklar soni keskin tushdi.

Ayrim tahlilchilar Rossiya-Isroil munosabatlari kuchayayotgan bo'lsa-da, Isroilning AQSh bilan aloqalari darajasiga yetmasligini aytadi.

“Isroil Rossiyaning Eron bilan aloqalari iliq ekanini doim yodida tutadi. Shuning uchun qurol bobida, ilg'or texnologiyalar bobida Isroil Rossiya bilan hamkorlik qilishga tayyor emas, chunki ularning Hizbulloh, Eron qo'liga tushib qolish ehtimoli bor", - deydi Maryasis.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG