Breaking News

Turkiyadagi zilzilalar Istanbulda imoratlar xavfsizligi bo’yicha xavotir uyg’otmoqda


Fevral oyida Turkiyaning janubiy viloyatlarini qaqshatgan zilzilalar sifatsiz qurilgan imoratlarning vayron bo’lishiga olib keldi. Tabiiy ofat Istanbulni aylanib o’tdi, ammo 15 million odam yashovchi shahar hokimining ogohlantirishicha, sifatsiz qurilishlar kelajakda katta baloga sabab bo’lishi mumkin.

“Zilzila qachon bo’lishini bilmaymiz. Odamlar hayotiga xavf soluvchi binolarda yashashiga ko’z yumish ularni o’limga mahkum etish demakdir”, - dedi Ikrom Imomo’g’li.

Hokimlik vebsahifasida aholidan ular turgan binoni tekshirish so’raladi. Sifatsiz qurilgan uylarning ba’zilari buziladi, ba’zilari esa ta’mirlanib mustahkamlanadi. Istanbul ma’muriyati aholiga kam foizli kreditlar taklif etmoqda, biroq shunda ham odamlarda pul yo’q. Ba’zilar kelajagidan xavotirda.

“Ukam oilasi bilan turgan imorat besh qavatli bo’lib, juda ham eski. Ular qo’rqyapti. Eng yuqori qavatda turishgani ularga tasalli beryapti, chunki agar bino qulasa, tirik qolishga umid qilishyapti”, - deydi Sabiha Kuskun ismli bir ayol.

Istanbulda so’nggi 10 yildan beri qurilishlar tingani yo’q. Mutaxassislarga ko’ra, zilziladan jabr ko’rgan viloyatlar va Istanbuldagi qurilish kompaniyalari zilzila talablariga javob bermaydigan imoratlarni qonuniylashtirish uchun jarima to’lab qutulib qolgan.

“Istanbulda ham ahvol shunday bo’lishi mumkin. Katta xavf-xatar haqida gap ketyapti. Qurilish kompaniyalarining yolg’iz jarima bilan qutulib qolishi katta muammoga olib keladi”, - deydi Umar Yilmaz ismli istanbullik bir me’mor.

Zilziladan so’ng ko’plab qurilish kompaniyalarining rahbarlari hibsga olindi. Shu bilan birga mamlakatdagi qurilishlar iqtisodiy o’sishga ham turtki bermoqda.

“Barcha qonun va qoidalarga qaramay, hozirgi hukumatning norasmiy siyosati har bir qarich yerdan uy va tijoriy binolar qurishda foydalanish hamda “Adolat va taraqqiyot” partiyasi va Erdog’anning saylov kampaniyasini moliyalashga yordam beruvchi quruvchilar va qurilish kompaniyalarini boqishdan iborat”, - deydi tahlilchi Atilla Yeshilada.

Istanbul hokimining ogohlantirishicha, agar hozirdan chora ko’rilmasa, Istanbul qattiq zilzilaga uchraganida 90 mingta imorat qulash ehtimoli bilan yuzlashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG