Breaking News

Turkiya va Suriyada zilzila qurbonlari 11 mingdan oshdi


Prezident Erdog'an Qahramonmarashda
Prezident Erdog'an Qahramonmarashda

Turkiya va Suriyada ikkita dahshatli zilzila natijasida sodir bo’lgan vayronalar ostidan odamlarni qutqarish ishlari davom etmoqda.

Xalqaro hayot - 8-fevral, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:25 0:00

Turkiya hukumati uysiz qolganlarni vaqtincha boshpana bilan ta’minlayapti.

“Palatkada yashash ko’chada qolishdan ming marta afzal. Qishda, yomg’irda”, - deydi bir odam.

Jabrdiydalar orasida Turkiyada yashayotgan suriyalik qochqinlar ham bor.

Prezident Rajab Toyib Erdog’an bugun zilzila markazi hisoblangan Qahramonmarash viloyatiga safar qilib, aholi bilan gaplashdi, tabiiy ofat asoratlari bilan olishishda muammolar bo’lganini tan oldi, nobud bo’lganlar 8500 dan ko’p ekanini ma’lum qildi.

Suriyada zilziladan o’lganlarni qo’shib hisoblaganda qurbonlar soni 11 mingdan oshgan.

“Birinchi kuni ba’zi muammolarga duch keldik, ammo hozir vaziyat nazorat ostida”, - dedi u.

Erdog’anga ko’ra, hukumat 10 viloyatda uyidan ayrilgan odamlarga bir yil ichida turar-joylar qurib beradi.

Mamlakat bo’ylab 6400 dan ziyod imoratlar qulagan, 13,5 million odam zilziladan zarar ko’rgan. Ofat zonasi 450 kilometrlik hududni qamrab olgan.

O’nlab davlatlar qatorida AQSh ham Turkiyada qutqaruv va qidiruv ishlariga o’z mutaxassislarini jalb qilmoqda.

“Turkiyada qidiruv va qutqaruv ishlari uchun qo’shimcha guruhlarni safarbar etyapmiz. AQSh ko’maklashayotgan gumanitar hamkorlar Suriyada ham ishlayapti”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer.

Turkiyaga otlanayotgan mutaxassis Jon Morrisonning aytishicha, guruh 79 kishi va 6 ta maxsus itlardan iborat.

“27 tonnalik uskunalarni olib ketyapmiz o’zimiz bilan”, - deydi u.

“Umid loyihasi” tashkiloti vakillari uysiz qolgan aholi salomatligiga jiddiy e’tibor qaratish kerakligini aytadi.

“Xoh suv orqali yuqadigan, xoh havo orqali yuqadigan kasalliklar bo’lsin, odamlar boshpanalarda zich yashaydigan hududlarda ofatning birinchi kunidan bunday kasalliklar tarqalishi mumkin”, - deydi Arlan Fuller.

Suriyada qish sovug’iga qaramay, damashqliklar zilziladan jabr ko’rganlarga qon va kiyim-kechak berishga navbatda turibdi.

“Ko’p odam keldi, qon berishdi, Allohga shukur, hamma bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilyapti”, - deydi tashabbus tashkilotchilaridan biri.

Suriya Qizil Yarim oy tashkiloti rahbari Xolid Hbubati AQSh va G’arbni Suriyaga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi.

Unga ko’ra, mamlakatga tez yordam mashinalari, og’ir texnika, dori-darmon kerak, ammo sanksiyalar bunga g’ov bo’lmoqda.

Zilzila Suriyaning hukumat nazoratidagi Halab, Latakiya, Tartus va Hamo shaharlari hamda isyonchilar qo’lidagi Idlib viloyatiga zarar yetkazdi.

Hbubati barchaga birday yordam berilishini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG