Breaking News

Tahlil: Karimov, Rahmon uzoq tanaffusdan keyin uchrashishi ijobiy hol


Prezidentlar Islom Karimov va Imomali Rahmonning kelasi oy Tojikistonda kutilayotgan uchrashuvi oldidan Toshkent va Dushanbe o’tasidagi axborot urushi avj olayapti.

Tojikiston-O'zbekiston aloqalari, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:56 0:00
Yuklab oling

Tojikiston matbuotida yozilishicha, O’zbekiston Islomiy Harakati Farg’ona vodiysiga kirish uchun rasmiy Dushanbe bilan muloqotga chiqishga harakat qilmoqda.

Avvalroq Tojikistonda qurilayotgan Rog’un gesini o’zbekistonlik olim portlatishga undab maqola yozdi, degan gap tarqalgan edi.

Islom Karimov va Imomali Rahmonning uzoq vaqtdan buyon kutilayotgan uchrashuvi kelasi oyda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Dushanbeda rejalangan sammiti paytida o’tishi kerak.

Tojikiston tomoni Karimov tashrifi tasdiqlangani, bu safar davomida Rahmon bilan ikki tomonlama munosabatlarga doir yuzama-yuz muloqot rejalangani haqida xabar bermoqda.

Muzokaralar O’zbekiston-Tojikiston aloqalarida o’zgarish yasashiga umid qilinadi. Munosabatlar esa o’ta ziddiyatli, bu taranglik Toshkent va Dushanbe o’rtasidagi axborot urushi ko’rinishida davom etmoqda.

Ziddiyatning asosiy ildizi Rog’un gesi qurilishi bilan bog’liq. Yaqinda Centrasia.ru saytida o’zbekistonlik akademik Rustam Abdullayev nomidan Rog’unni portlatib, yo’qotishga chaqiruvchi maqola e’lon qilingan, bu esa Tojikistondagi jamoatchilikni junbushga keltirgan edi. Rustam Abdullayevning o’zi keyinchalik bunday maqola yozganini rad etdi, ziddiyatni kuchaytirishdan manfaatdor bo’lgan uchinchi tomonlarni ayblab chiqdi.

Tojikiston matbuotida e’lon qilingan yaqindagi maqolada esa O’zbekiston Islomiy Harakati faollari rasmiy Dushanbe bilan muloqotga chiqish niyatida ekani haqida so’z boradi.

Avesta.tj nashri yozishicha islomiy harakat tarkibidagi etnik o’zbeklar Farg’ona vodiysiga o’tish uchun Tojikistondan koridor ochib berishni so’rashni rejalamoqda. Maqola Tojikiston organlari ekstremistik tashkilotlar bilan murosaga bormasligi, ammo O’zbekiston tomonidan yog’ilayotgan axborot tahdidlarni ham nazardan qochirmaslik haqidagi ishora bilan tugaydi.

Siyosatshunos Farxod Tolipov so’zlariga ko’ra, tomonlar o’rtasidagi axborot urushi davom etmoqda.

“Men bu axborot haqiqiyligiga unchalik ishonmayman. Bu axborot urushining navbatdagi ko’rinishi. Bu chiqishga rasmiy sanksiya berilgan degan fikrdan ham uzoqman. Chunki O’zbekiston Islomiy Harakati xalqaro miqyosda e’tirof etilgan terrorchi tashkilot. Bu tashkilot bilan muloqotga kirgan har qanday shaxs, guruh, ayniqsa davlat strukturalariga nisbatan xalqaro miqyosda rasmiy ayblov qo’yilishi mumkin”, - deydi siyosatshunos.

Farxod Tolipovning aytishicha, ikki davlat rahbarlarining oliy toifada kutilayotgan uchrashuvi qanday natija bilan tugamasin, uzoq yillik tanaffusdan so’ng muloqotga kirishilayotgani ijobiy holat.

“Sammitdan foydalangan holda ikki tomonlama muloqot tashkil qilinayotganining o’zi bir ramziy ma’noga ega. Chunki bunday muloqot hali 1999-yilda Tojikistonga kuzatilgan davlat tashrifidan buyon amalga oshmagan. O’shanda ham munosabatlar ziddiyatli edi. Bu tashrifdan keyin ikki o’rtadagi munosabatlarda burilish bo’lishi haqidagi eyforiyalar ham yuzaga chiqqandi. Ammo ikki tomonlama muloqot boshqa yo’lga qo’yilmadi. To’g’ri, sammitlar, turli xalqaro uchrashuvlar doirasida uchrashuvlar bo’lgan, ammo bevosita Tojikistonda yoki O’zbekistonda ikki tomonlama muloqot qilingani hali kuzatilmagan. Bu uchrashuv katta burilish qilmasligi ham mumkin, ammo uning bo’layotgani muhim. O’zbekiston-Tojikiston ziddiyatlari borasidagi fikrlarda men hamisha avvalo tomonlar o’rtasida siyosiy iroda, muloqot uchun muhit yaratilishi lozimligini ta’kidlab kelganman”, - deydi Farxod Tolipov.

Toshkent va Dushanbe o’rtasidagi taranglikning yangi to’lqini Jahon Bankining Ro’gun qurilishi bo’yicha o’tkazgan ekspertizasi natijalari ortidan kuzatildi. Jahon Banki mutaxassislarini dastlabki xulosalari Rog’un qurilishni O’zbekiston tomoni baholayotganidek xavfli topmadi.

Bu xulosalar muhokamasida qatnashgan O’zbekiston bosh vaziri o’rinbosari Rustam Azimov O’zbekiston tomoni hech qachon, har qanday sharoitda ham Ro’gun gesi qurilishini qo’llab-quvvatlmasligni ma’lum qildi.

Avvalroq prezident Karimov suv yuzasidan ziddiyatlarning kuchayishi mintaqani urushga yetaklashi mumkinligidan ogohlantirgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG