Keremet TV: Mintaqada Amerika hayotiga qiziqish katta


"Keremet TV" binosi

Qirg’izistondagi “Keremet” teleradiokompaniyasi salkam yigirma yildan beri “Amerika Ovozi”ning O’zbek xizmati bilan hamkorlik qilib keladi. Ushbu jamoa ko’magida “Amerika manzaralari” teledasturi butun Qirg’iziston hamda qo’shni O’zbekistonning Farg’ona vodiysi viloyatlarida ko’rsatiladi.

Hozirda “Keremet TV” "Euronews" hamda Xitoyning CCTV telekompaniyalari bilan ham aloqalarni yo’lga qo’ydi.

“Amerika Ovozi” “Keremet TV” rahbari O’murbek Abdiraimovga murojaat qilib, undan “Amerika Ovozi” bilan hamkorlikning natijalari, tomoshabinlarning taklif va ehtiyojlari haqida so’zlab berishni so’radi.

Haftada ikki bor Qirg’iziston va chegaradosh Farg’ona vodiysi zangori ekranlariga Amerika manzaralari tashrif buyuradi.

"Keremet TV" rahbari O’murbek Abdiraimov "Amerika Ovozi" muxbiri Navbahor Imamova bilan
"Keremet TV" rahbari O’murbek Abdiraimov "Amerika Ovozi" muxbiri Navbahor Imamova bilan

“Keremet TV” boshlig’i O’murbek Abdiraimov hali biron ko’rsatuvni qoldirgan emas. Uning aytishicha, ushbu dastur serjilolik, xolislik, chuqur tahlil, haqiqatga sadoqati bilan tomoshabin e’tiborini qozongan.

Suhbatdoshga ko’ra, tig’iz hamkorlik “Keremet TV” jamoasiga tajriba orttirish, kasbiy yuksalish, zamonaviy texnologiyalarni o’zlashtirish imkonini berdi.

Telekompaniya muxlislari orasida Amerika hayoti, madaniyatiga e’tibor kuchaydi; do’st tutinganlar, okean ortida o’qish, ishlashni niyat qilganlar ko’paydi.

"Keremet TV" studiyasi
"Keremet TV" studiyasi

“Keremet TV” rahbari O’murbek Abdiraimov fikricha, Janubiy Qirg’izistonda o’zbek tilidagi ko’rsatuvlarga kattagina ehtiyoj mavjud. 2010-yilgi voqealar ortidan o’zbekzabon telekanallar yopilib qolgan edi. Keyingi yillarda xalqaro hamjamiyat ko’magida tashkil etilgan va uch til, jumladan, o'zbek tilida faoliyat yurituvchi “Intimak” telekompaniyasi ushbu bo’shliqni ma’lum darajada to’ldirish imkonini berdi, deydi suhbatdosh.

“Keremet TV” “Amerika ovozi” bilan hamkorlikni taraqqiy ettirish niyatida. Bu o’rinda qator taklif-tavsiyalar bor.

“Maqsad ommani xalqlarimiz va davlatlarimiz hayoti bilan imkon qadar keng tanishtirish, bu esa o’zaro aloqalarni yo’lga qo’yish, ahillik, do’stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi”, - deydi telekompaniya rahbari O’murbek Abdiraimov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG