Breaking News

Kerri: Jurnalistlarni himoya qilishda davom etamiz


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

Erkin va mustaqil matbuotga ega bo'lmagan davlat bu dunyoga hech narsa bera olmaydi, dedi AQSh Davlat kotibi Jon Kerri. U bu haqda Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan gapirdi.

"Agar fuqarolari o'zlari ishongan narsani gapira olmasa, o'z hayotlariga ta'sir qiladigan narsalar haqida ma'lumot olishiga imkon berilmasa, bunday hukumat hurmatga loyiq emas", - dedi u.

Kerrining aytishicha, dunyoda bo'layotgan ko'plab muammolar yuragida haqiqat va yolg'on o'rtasidagi kurash yotibdi. Suriya, Afg'oniston, Ukraina, Koreya yoki Janubiy Xitoy dengizida sodir bo'layotgan voqealar ham shundan, dedi u.

"Bu joylarning barchasida haqiqatni buzib ko'rsatish, sodir bo'lmagan narsalarni bo'ldi deyish uchun fakt va voqealar o'ylab topish kabi holatlar yuz bermoqda", - dedi AQSh davlat kotibi.

Rasmiyga ko'ra, haqiqatni aytish jinoyat emas, balki sharafdir. AQSh tazyiqqa uchragan, o'g'irlangan yoki nohaq qamalgan jurnalistlarni himoya qilishda, ular haqida ham ochiq, ham yopiq eshiklar ortida gapirishda davom etadi, dedi Kerri.

Vashington bu yil dunyo bo'ylab 750 dan ortiq jurnalistni internetda xavfsiz ishlash bo'yicha treningdan o'tkazish uchun 2,5 million dollar sarflashni rejalagan. Bundan tashqari, Janubi-sharqiy Osiyodagi jurnalistlar xavfsiz ishlash imkonini beruvchi texnologiya va qurollar bilan ta'minlanadi. Bu haqda Kerri so'z erkinligi kunida gapirdi.

Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan dunyo bo'ylab uzoq yillardan beri hibsda saqlanayotgan jurnalistlar tilga olindi. Ular orasida o'zbekistonlik Muhammad Bekjon ham bor.

1999-yil qamalgan jurnalist 2012-yil ozodlikka chiqishi kerak edi. Ammo qamoqxona tartibini buzgani uchun unga yana besh yil qo'shib berilgan.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi ma'lumotiga ko'ra, dunyo bo'ylab 200 dan ortiq jurnalist kasbiy faoliyati uchun qamoqda o'tiribdi. Jahon matbuot erkinligi sovrini bilan taqdirlangan ozarbayjonlik jurnalist, "Amerika Ovozi" va "Ozodlik" radiolarida ishlagan Xadicha Ismoilova ham ayni paytda 7,5 yillik qamoq jazosini o'tamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG