Breaking News

Musullik rassom asarlarida eski shahar manzaralari


Valid Dabag’ Iroqning vayron bo’lgan qadimiy Musul shahrida “Islomiy davlat” jangari to’dasi qoldirgan yozuvlar o’rniga chiroyli suratlarni tushirib, shaharda hayot terrorchilar uni ishg’ol qilguniga qadar qanday bo’lganini tasvirlashga harakat qilmoqda.

Musullik rassom asarlarida eski shahar manzarasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:26 0:00

“G’oyib bo’lgan meros haqidagi xotiralarni tiklamoqchiman. Yosh avlod eski shahar qanday bo’lganini bilishini istayman”, - deydi rassom.

Musul Iroqning poytaxt Bag’doddan keyin ikkinchi yirik shahri bo’lib, “Islomiy davlat” uni 2014-yil yarmida egallashidan oldin unda bir milliondan ziyod odam yashardi.

Jangarilarning salkam ikki yarim yillik hukmronligi hamda shahar uchun janglar natijasida minglab odamlar nobud, Musulning g’arbiy qismi vayron bo’ldi. BMT hisobiga ko’ra, 40 mingta uyni tiklash yoki qayta qurish zarur.

Musulning eski qismida aholi zich yashardi, jangarilar kelmasidan oldin hayot qaynardi. Har qayoqda sochilib yotgan beton va metal qoldiqlari bu yerda uy va do’konlar qad ko’tarib turganiga ishora qiladi. Shahar uchun to’qqiz oy davom etgan urush eski shaharni yalang maydonga aylantirdi. Jangarilar ustidan g’alaba qimmatga tushdi.

Jihodchilar Musuldagi barcha cherkovlarni hamda islom diniga yot boshqa ibodatxonalarni yer bilan tekislagan bo’lsa, rassom Dabag’ ularni o’z ishlarida tiklamoqda. Uning devorlarga tushirilgan asarlarida masjid yonida cherkovni ham ko’rsa bo’ladi. Shahar bir paytlar ana shunday xilma-xillikka boy bo’lgan.

Aholi eski shahar tiklanib, uni tark etgan odamlar qaytib kelishiga umid qilgan edi, biroq jangarilar Musuldan haydalganiga salkam bir yil bo’layotganiga qaramay, qayta qurish ishlari juda sekin kechmoqda.

Rassom qadimiy obidalar butkul g’oyib bo’lishidan, eski shahar manzarasi yosh avlod xotirasidan o’chib ketishidan xavotirda.

“Soatli cherkov yoki minora qanday bo’lganini yoshlar bilmay qoladi deb qo’rqaman. Har ikkisi ham vayron bo’lgan”, - deydi Dabag’.

Soatli cherkov 19-asrda qurilgan bo’lib, qo’ng’irog’ini fransuz malikasi hadya qilgan. Jangarilar ibodatxonani 2016-yil aprelida yer bilan yakson qilgan edi.

Minora esa al-Nuri katta masjidining bir qismi bo’lib, “Islomiy davlat” rahbari Abu Bakr Bag’dodiy o’sha yerdan turib soxta xalifalik haqida e’lon qilgan edi.

Jihodchilar 850 yillik masjid va uning minorasini hujumga o’tgan hukumat kuchlariga qoldirmaslik uchun o’tgan yil iyunida portlatgan edi. Musul ozod etilganiga sakkiz oydan oshganiga qaramay, qayta qurish ishlari o’ta sekin kechmoqda.

Hukumatning tushuntirishicha, avval uylarni, Musul infratuzilmasini tiklab, hayotni normal holatga qaytarish lozim, biroq buni xalqaro hamjamiyat yordamisiz qilib bo’lmaydi.

Fevral oyida Quvaytda bo’lib o’tgan donorlar anjumanida Iroq iqtisodiyoti va infratuzilmasini tiklash uchun 30 milliard dollar to’plandi, aksariyati kredit va sarmoya ko’rinishida. Biroq Bosh vazir Haydar Abadiyning aytishicha, to’liq qayta qurish uchun 90 milliard dollar kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG