Breaking News

Qirg’izistonda mahalliy kengashlarga saylovlar bo'lib o'tdi


Qirg’izistonning qator shahar va tumanlarida mahalliy kengashlar, ya’ni joylardagi qonun chiqaruvchi idoralarga saylovlar bo’lib o’tdi. Nomzodlar partiyadan va saylovchi guruhlari tomonidan ko’rsatilgan.

Saylovlar O’sh, To’qmoq, Qoraqol shaharlari va 13 tumanda bo’lib o’tdi. Fuqarolar mahalliy kengashlar tarkibi uchun ovoz berdi. Aholi ushbu tadbirda faol qatnashgan.

“Qator saylov uchastkalarida bo’ldim, vaziyatni kuzatdim. Saylovchilarning faolligi sezilib turildi hamma yerda. Ammo bu saylovlar xatosiz o’tdi deya olmaysiz. Mana bugun besh joyda majlis bo’ldi – kuzatuvchilarning fikrlari yangradi”, - deydi o’shliklar.

“Men bu saylovlarda kuzatuvchi sifatida qatnashdim. Ertalabdan kech vaqtgacha bir saylov uchastkasida turdim. Kechagi tadbir odamlar aktivligi bilan ajralib turdi, uchastkalar ochilishi bilan ovoz berishni boshlashdi. Eng asosiysi, saylov tinch o’tdi”, - deydi fuqarolar.

Keyingi yillarda Qirg’izistonda mahalliy qonun chiqaruvchi tizimlar mavqei va roli keskin oshgan. Mahalliy kengashlar shahar va tuman rahbarlarini saylaydi, mahalliy byudjetni tasdiqlaydi va bo’lishtiradi.

Qisqasi, kengashlar hudud iqtisodiy-ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida hal qiluvchi ovozga ega. Shu bois ushbu saylovlarda siyosiy partiyalar faol ishtirok etgan va ular o’rtasida qizg’in kurash kechgan.

Aytaylik, O’sh shahar kengashi saylovlarida yetti siyosiy partiya o’z nomzodlari tizmalarini olg’a surgan.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, O’sh shahar kengashi saylovlarida “Uluttar birimdigi” siyosiy partiyasi 48 foizga yaqin ovoz bilan yetakchilik qilayotir. Ushbu partiya yetakchilaridan biri O’sh shahrining hozirgi meridir.

Qirg’iziston Sotsial-Demokratlar Partiyasi hisobida hozircha 23 foiz ovoz mavjud. “Respublika” partiyasi 17 foizdan ko’proq ovoz olgan. To’qmoq shahar kengashi saylovlarida esa, dastlabki ma’lumotlarga ko’ra, aynan “Respublika” partiyasi oldinda bormoqda.

Saylovlarning yakuniy natijalari, qonunga binoan, 10 kun ichida e’lon qilinadi.

Huquq-tartibot tizimlari O’shdagi saylovlar paytida jiddiy tartibbuzarlik hollari kuzatilmaganini ma’lum qildi. Ayni paytda Qirg’iziston shimolidagi Qoarqol shahrida saylovdan so’ng mahalliy yoshlar shahar hokimligi binosiga hamla qilgani haqida xabarlar bor. Ular saylov natijalarini qayta ko’rib chiqishni talab qilgan.

Mahalliy kuzatuvchilar va nohukumat tashkilotlar xodimlari har uchala shaharda saylovlar paytida turli qonunbuzarliklar kuzatilganini ta’kidlaydi.

O’shda, masalan, ayrim odamlar bir necha bor ovoz bergan, o’nlab saylovchi ro’yxatda o’z ismini topa olmagan yoki ular o’rniga boshqalar ovoz berganiga duch kelgan. Saylov kuni ham odamlarga bosim o’tkazilgani haqida ma’lumotlar bor.

Saylovoldi jarayonida prokuratura tomonidan partiyalar va mahalliy davlat tizimlariga saylovlar borasidagi qonunlarga rioya qilish zarurligi haqida ogohlantirishlar berilgan edi. Lekin bu deyarli samara bermadi, deydi ayrim tahlilchilar.

XS
SM
MD
LG