Breaking News

Andijonda o'zbek-qirg'iz qardoshligiga bag'ishlangan tadbirlar bo'lib o'tdi


O’tgan shanba Andijonda O’zbekiston va Qirg’iziston o’rtasida hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag’ishlangan tadbirlar bo’lib o’tdi. Bir yuz ellik kishidan iborat Qirg’iziston delegasiyasiga mamlakat bosh vazirining birinchi o’rinbosari Muhammetqaliy Abulg’aziyev, O’zbekiston delegasiyasiga bosh vazir muovini Adham Ilhomov boshchilik qilgan. Muloqotlar yakunida ikki o’lkaning chegaradosh viloyatlari rahbarlari hamkorlikni taraqqiy ettirish borasida memorandum imzoladi.

“Amerika Ovozi” qirg’iz delegatsiyasi a’zosi, taniqli jamoat arbobi Abdushukur Isaboyev bilan suhbatda bo’ldi.

“Asakadagi avtomobil zavodi, Andijon Davlat universiteti, qayta qurilgan temir yo’l vokzali, Andijondagi Do’stlik uyida bo’ldik, yangi qurilishlarni, katta o’zgarishlarni ko’rib quvondik. Viloyat hokimi muvaqqat prezident Mirziyoyev janoblari qo’shnilar bilan har tomonlama tig’iz do’stona aloqalarni rivojlantirishga da'vat etganini ta’kidladi”, - deydi suhbatdosh.

Qirg’izistonlik mahalliy arboblarning aytishicha, tomonlar o’rtasida bunday miqyosdagi uchrashuvlar ko’pdan buyon - kamida o’n yil davomida - yuz bermagan. Bu orada chegara atrofida joylashgan viloyatlar aloqalariga jiddiy putur yetgan, an’anaviy savdo-sotiq sustlashgan va deyarli yo’qqa chiqqan, oddiy odamlarning bordi-keldisi qiyinlashgan.

“Munosabatlar tobora yaxshilanib borib, yaqin orada chegara ochilishi haqida ham gap ketadi, nazarimda”, - deydi Abdushukur Isaboyev.

Istiqbol haqida so’z yuritar ekan, u Andijondagi ushrashuvlar yaxshi rejalarga asos soldi, deb hisoblaydi.

Shu paytgacha ikki qo’shni o’lkaning mahalliy boshqaruv tizimlari vakillarining onda-sonda bo’lib turgan uchrashuvlarida o’zbek tarafi oddiy masalalarni ham Toshkent ko’rsatmalarisiz yecha olmay kelgani ma’lum.

“Menimcha, yuqoridan tegishli ishora mavjudligi bois, endi ancha-muncha masalalar mahalliy doirada hal qilinishi mumkin”, - deb o’ylaydi Abdushukur Isaboyev.

Suhbatdoshning aytishicha, so’nggi paytlarda qardosh o’lkalar munosabatlarida ko’zga tashlanayotgan ijobiy siljishlar har ikki tomon xalqlari tomonidan umidvorlik bilan olqishlanmoqda.

Aytish joizki, turli sohalarda aloqalarni izga solish uchun ancha ter to’kishga to’g’ri keladi.

Yaqin orada Janubiy Qirg’izistonga o’zbek delegasiyasi ham tashrif buyurishi kutilyapti.

“O’shanda o’zaro aloqalarni yanada rivoj ettirishning konkret yo’llariga nazar tashlash imkoni bo’ladi”, - deydi Abdushukur Isaboyev.

XS
SM
MD
LG