Breaking News

Qirg’izistonda o’zbek o’qituvchilar, vrachlar ishdan haydalmoqda


Qirg’izistondagi voqealarni yaqindan kuzatmayotgan, ahvolni har kuni ko’rib bormayotgan odam bilan gaplashsangiz, “O’shda nima gap? Tinchib ketganga o’xshaydi” degan fikrni tez-tez eshitish mumkin. Ammo, deydi faollar, ahvol juda og’ir, o’zbeklarga qarshi zulm to’xtamagan.

Nadejda Atayeva ko’pdan beri inson huquqlari masalalari bilan shug’ullanadi. O’zbekistondan chiqib ketishga majbur bo’lib, faoliyatini Parijdan turib olib boradi. Iyun oyida Qirg’iziston janubida zo’ravonliklar avj olganida birinchilar qatorida vaziyatni o’rganishga kirishdi.

O’zi bilan hamfikr insonlar bilan shu kunga qadar uch mingga yaqin jabrdiyda ahvoli bilan tanishdi, haqiqatni aniqlashda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa idoralari, xalqaro huquq tashkilotlariga xolis ma’lumot yetkazishda katta hissa qo’shgan.

“Tinchib ketdi” degan gaplar soxta tasavvurdir. O’zbek millatiga mansub aholi ko’ngliga katta vahima va qo’rquv solingan, ular qattiq nazorat ostida. Bunday bosim yangi zo’ravonliklarga olib keladi, deb xavotirdaman”, - deydi u.

“Qirg’iziston janubida o’zbeklarga qarshi qatliom, genotsid uyushtirilganmi” degan savolga Nadejda Atayeva masalaga hissiyotlarsiz, huquqiy ravishda, faktlar asosida yondashish kerak, deb javob beradi.

“Genotsid haqida gapirishga hali erta. Xalqaro tergov komissiyasi xulosasi chiqsin avval. Ammo shu paytga qadar to’plangan guvohlik ko’rsatmalari va dalillar genotsid bo’lgan deyishga asos bermoqda. Axborot manbalariga yo’l ochilgan va guvohlar xavfsizligi ta’minlangan taqdirdagina haqiqatni bilish mumkin. Bu esa Qirg’iziston hukumati zimmasida”, - deydi huquqshunos.

Nadejda Atayeva nazarida mamlakatda davlat boshqaruvi zaif. Janub va markaz o’rtasida ziddiyatlar mavjud. Bu esa asosan janubda yashaydigan o’zbek aholisiga yordam berishni qiyinlashtirmoqda.

“Bizga kelayotgan xat va ma’lumotlardan shu narsa ayonki, jabrdiydalar orasida haligacha biror marta insonparvarlik yordamini olmaganlar bor. Hukumat va’da qilgan moliyaviy yordam kelmagan. Qish mavsumi yaqinlashar ekan, odamlar hanuz palatkalarda yashamoqda. O’quv yili boshlansa, bolalar qayerda o’qiydi? O’zbeklarni ishga joylashtirish qanday kechadi?”

Nadejda Atayevaning aytishicha, o’zbek millatiga mansub shifokor va o’qituvchilar ishdan haydalmoqda. Ilgari harbiy tizim va huquq-tartibot organlarida ishlagan o’zbeklar ro’yxati tuzilgan. Bu bir millat vakillariga qarshi qaratilgan ommaviy diskriminatsiya genotsidni tashkil etuvchi omillardan.

“O’sh shahrida kamida ikkita maxfiy qamoqxona bo’lib, unda o’zbek tadbirkorlari saqlanadi. Tovlamachilik bilan puli va mulkini olishmoqda. Qirg’izistonni tark etishga majburlashmoqda. Ko’plar shosha-pisha chetga chiqishga majbur. Ammo hammaning ham bunday imkoniyati yo’q”, - deydi Nadejda Atayeva.

Huquq faoli Markaziy Osiyoda BMTning qochqinlar bo’yicha idoralari faoliyatini sust, deya tanqid qiladi. Xoh Qirg’iziston, xoh Qozog’iston, xoh Tojikiston bo’lsin, qochqinlar xavfsizligi ta’minlanmagan.

Nadejda Atayeva ma’lumotlarni to’plashda mintaqa va xususan Qirg’izistondagi hamkabslari bilan yaqindan hamkorlik qiladi va buning uchun maxsus komissiya tuzilgan. Qonunbuzarlik, asossiz hibsga olishlar, qamoqxonada qiynoqqa solishlar, odamlarning yo’qolib qolishi, zo’ravonlik va o’lim hollari jamlangan axborotnoma keng ommaga tarqatiladi. Yaqin kunlarda mana shunday axborotnomaning yangi soni chop etiladi.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG