Breaking News

Referendumda aholi ishtiroki ikkilamchi masala, muhimi uni o’tkazish


Qirg’izistonda shu hafta oxirida konsitutsiya referendumga – xalq hukmiga qo’yiladi. Hukumat jarayonga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Lekin janubdagi vaziyat bois o’zbeklar, qochqinga aylangan minglab fuqaro referendumda ovoz berishi gumon.

Rasmiylar qancha odam kelishidan qat’iy-nazar referendumni o’tkazamiz, demoqda. Markaziy saylov komissiyasi shaharlarga odam jo’natmoqda, targ’ibot ishlarini o’tkazish uchun.

“Mening nazarimda tayyorgarlik juda sust kechmoqda. Ko’p odamlar unda qatnashishdan bosh tortayapti. Shu bois hukumatdagilar ovozlarni qo’shib-chatib raqamlarni o’zgartirishi ham hech gapmas”, - deydi Alisher Hamidov, O'sh va Jalolobodda izlanayotgan qirg'izistonlik olim.

Saylov kuzatuvchilarining soni oz. Nafaqat O’sh, balki rayonlarda ham. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti kuzatuvchi jo’natmaslikka qaror qilgan.

“O’zbeklar orasida referendumda qatnashish-qatnashmaslik bobida har xil fikrlar bor. Ba’zilar qatnashamiz, davlatni qo’llab-quvvatlashimiz kerak, deydi. Lekin aksariyat ko’pchilik fikricha, bu hukumat ularga zarracha yordam bermagan va bermaydi. Mana shular jarayonda ishtirok etishdan bosh tortmoqda”, - deydi olim.

Ovoz berish huquqiga ega 50 ming o’zbek davlatdan chiqib ketgan. Ularning referendumda qatnashishi savol ostida qolmoqda. Qirg’iziston rasmiylari O’zbekistonda ham qochqinlar uchun saylov uchastkalarini ochamiz va ular ovoz berish imkoniga ega bo’ladi, demoqda.

“Lekin saylovga uch kun vaqt qoldi, buni qanday amalga oshirish mumkin? Menga qorong’u”, - deydi Hamidov.

Aksariyat kuzatuvchilar nazarida hukumatga referendum o’tdi, degan gap kerak xolos. Legitimlik, qonuniylikni ko’zlab, odam qatnashma-qatnashmasa, deb qilinmoqda.

“Referendum qoldirilsin degan siyosiy guruhlarning gapida jon bor. O’sh va Jaloloboddagi hodisalardan keyin vaziyat juda og’ir, xavfsizlik ta’minlanmagan. Ko’p odamlar qo’rquvda va bu referendumga ta’sir qilishi aniq. Lekin muvaqqat hukumat bu fikrlarga mutlaqo quloq solmayapti”, - deydi Alisher Hamidov.

XS
SM
MD
LG