Breaking News

Qirg’iziston: Chegarada mojarolar ikki barobar kamaydi


Qirg'iziston chegara xizmatchilari
Qirg'iziston chegara xizmatchilari

Qirg’iziston chegaralarida bu yil har-xil mojarolar o’tgan yilga nisbatan ikki barobar ozaydi. Bu haqda o’lka Chegara xizmatining yil yakuniga bag’ishlangan tadbirida aytildi.

Mutaxassislarga ko’ra, Chegara xizmati moddiy-texnik bazasining kuchayishi hamda qo’shni mamlakatlar tegishli xizmatlari bilan hamkorlikning rivojlanishi yaxshi samara bermoqda.

Kuzatuvchilar fikricha, davlatlararo munosabatlarning iliqlashayotgani chegaradagi vaziyatga ijobiy ta’sir o’tkazmoqda.

Yakuniy marosimda aytilishicha, o'tgan yili chegarada 22 mojaro qayd qilingan bo’lsa, joriy yil bunday noxush hollar ikki barobar kamaydi.

Qirg’iziston Chegara xizmati boshlig’ining o’rinbosari polkovnik Baqit Jiltirov zikr qilingan ijobiy ko’rinishlar davom etayotganini aytadi.

Qirg’iziston to’rt davlat – O’zbekiston, Tojikiston, Qozog’iston va Xitoq Xalq Respublikasi bilan chegaradosh bo’lib, aksar janjalli hollar O’zbekiston va Tojikiston bilan kesishgan hududlarda yuz berib kelgan.

Kuzatuvchilarning aytishicha, ziddiyatli hollar kelib chiqishining asosiy sabablari – chegaradagi bahsli atalmish xatlanmagan maydonlar, oqin suv va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish masalalari.

Tahlilchilar fikricha, bu mojarolarga qo’shni pespublikalar o’zaro munosabatlaridagi taranglik ham o’z ta’sirini ko’rsatgan.

Harbiylar chegaradosh o’lkalardagi hamkasblar bilan kasbiy aloqalar yaxshiligini ta’kidlaydi.

Polkovnik Jiltirovga ko'ra, chetdan kelayotgan giyohvand moddalar oqimi hamda mintaqaga tahdid solayotgan terroristik guruhlarga ishonchli to’siq qo’yish uchun qo’shni mamlakatlar idoralari tig’iz hamkorlik qilmog’i lozim.

Mahalliy aholi Qirg’iziston – O’zbekiston davlat chegarasining xatlanmagan maydonlari bo’yicha muzokaralar jonlanganidan mamnun. Rasmiy xabarlarga ko’ra, so’nggi ikki oy davomida 56 uchastka borasida umumiy qarorga kelingan.

Qirg’izistonning Jalol-Obod viloyatidagi nodavlat tashkilot eksperti Mirzolim Xalilov bu haqda shunday deydi:

“Odamlar chegarani buzish hollari, shuningdek, bahsli maydonlar borasida tortishuvlardan o’zlarini tiya boshladi – ko’pchilik qonunga rioya qilishni afzal ko’rmoqda. Toshkent va Bishkek munosabatlaridagi siljishlar esa ijobiy muhit tuzayapti".

Suhbatdoshga ko’ra, ikki mamlakat iqtisodiy aloqalari rivojlangan, chegaradan o’tkazish punktlari faoliyati jonlangan taqdirda kontrabanda harakatlariga ham jiddiy putur yetishi turgan gap.

XS
SM
MD
LG