Qirg’izistonda prezident saylovlari joriy yilning 15-oktabrida o’tadi. Ushbu sana prezident saylovlari borasida qonunga kiritilgan tuzatishlarda ko’zda tutilgan. Nomzodlarning saylov jamg’armalari miqdori o’n barabar oshirildi. Prezident bo'laman degan odam davlat tilini yaxshi bilishi lozim.

Oldinroq prezident saylovlari 19-noyabrda o’tishi aytilgan edi.

Qirg’izistonda davlat rahbari olti yilga saylanadi. Hozircha besh siyosiy partiya o’z nomzodini ko’rsatgan.

O’shlik siyosatshunoz Erkin Abdirazaqov deydiki, saylov muddati siyosiy kuchlari o’rtasida ancha bahs-tortishuvga sabab bo’lgan. Muxolifat ushbu siyosiy tadbirni avgust oyida o’tkazishni tavsiya etgan bo’lsa, prezident Almazbek Atambayev 19-noyabrni tanlagan.

Abdirazaqov fikricha, amaldagi rahbarning vakolati oxirlab borayotgani, ovoz berishning ikkinchi turi ehtimoli va qator boshqa tashkiliy masalalarni e’tiborga olganda, saylovning oldinroqqa, ya'ni 15-oktabrga belgilanishi ayni muddao.

Yangi tartib, deydi tahlilchi, prezident lavozimi uchun faqat puldor, badavlat shaxs va guruhlar kurash olib borishi uchun zamin yaratadi.

“Ikkinchi tarafdan, ushbu o’zgartirish mualliflari aytishicha, bu chora prezidentlik lavozimiga har xil odamlar va hali shakllanib ulgurmagan siyosiy partiyalarning da'vo qilishini cheklaydi. Avvalgi saylovlarda 80 dan ziyod kishi nomzodi qo’yilgani bir tomondan kulgili, ikkinchi tomondan esa achinarli ko’rinish bo’lgan edi”, - deydi Abdirazaqov.

Qonunga ko’ra, nomzodlarni ko’rsatish saylov sanasi belgilangani haqidagi rasmiy xabar chop etilgan kunning ertasidan boshlanadi. Ammo muddatni belgilashda davlat tizimlari yo’l qo’ygan “sur-sur”dan foydalangan yetakchi siyosiy partiyalar o’z nomzodlarini allaqachon ko’rsatib bo’lishdi va saylovoldi kurashi boshlandi.

“Aslida bu ishlar ikki-uch oydan beri ketayapti. Prezidentlik poygasida qatnashishga jazm qilgan kuchlar yaqinda bo’lib o’tgan mahalliy kengashlarga saylovlardan mashq sifatida foydalanishdi. Amalda ularni ayblash mushkul. Bir narsa ravshanki, oliy lavozim uchun kurash yuqori kuchlanishda o’tadi. Nazarimda, tegishli idoralar ma’muriy resursni ham qo’llaydilar”, - deydi Abdirazaqov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG