Breaking News

Qirg’iziston Fan va ta’lim vazirligi Turkiya bosimidan norozi


Turkiya va Qirg'iziston rahbarlari, Bishkek, Qirg'iziston, 2-fevral, 2011-yil.
Turkiya va Qirg'iziston rahbarlari, Bishkek, Qirg'iziston, 2-fevral, 2011-yil.

Turkiya Ta’lim vaziri o’rinbosari Orhan Erdemning Bursadagi anjumanda aytgan gaplari Qirg’izistonda norozilik bilan qarshi olindi. U Qirg’izistondagi avval “Sebat”, hozirda “Sapat” deb ataladigan litseylarning o’quvchilari Turkiya hududiga kiritilmasligini aytgan.

Qirg'izistonda turk maktablari mojarosi davom etadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:30 0:00

Hamkorlik va muvofiqlashtirish bo’yicha Turk agentligining majlisida qatnashgan Qirg’iziston vakillariga murojaat qilar ekan, rasmiy ushbu chora aytilgan o’quv yurtlarida ta’lim olayotgan bolalarning oila a’zolariga ham taalluqli ekanini ma’lum qilgan.

Qirg’iziston Fan va ta’lim vazirligi turk rasmiysining chiqishini qirg’iz hukumati va jamoatchiligiga bosim, shuningdek, aytilgan liseylar tizimini qoralashga urinish sifatida baholamoqda. Tegishli bayonot ushbu idoraning matbuot xizmati tomonidan tarqatildi.

Qirg’iz-turk liseylarini yopish masalasi o’tgan yili yozda Anqara tomonidan ko’tarilgan edi. Turk tarafi ishbu o’quv yurtlari terrorchilikda ayblanayotgan Fathulla Gulen guruhiga tegishli bo'lganini aytib keladi.

Bishkek mazkur da'volarni rad etgan. Ayni paytda liseylar respublika fan va ta’lim vazirligi tasarrufiga o’tkazilgan. “Sebat” maktablari qirg’iz tilida “Sapat”, ya'ni "Sifat" deb nomlana boshlagan.

Yaqinda o'tgan an’anaviy yozgi matbuot anjumani paytida Qirg’iziston Prezidenti Almazbek Atambayev vaziyatni bunday ta’riflagan edi:

“Ushbu o’quv maskanlarida nazoratni kuchaytirdik. Aytish joizki, muallimlarning 90-95 foizi Qirg’iziston fuqarolari. Litseylarda oddiy odamlar ishlaydi, oddiy bolalar bilim oladi. Ularni terroristik harakatlarda gumon qilish… Bilmadim, balki unday odam shifokorga murojaat qilishi kerakdir”.

Qirg’iziston Fan va ta’lim vazirligi tarqatgan axborotda aytilishicha, “Sapat” umumta’lim makatablari tizimi Qirg'izistonda 1992-yildan buyon faoliyat yuritib keladi. O’tgan davr mobaynida 10 mingdan ziyod yigit-qizlar munosib bilim olishgan, o’quv yurtlari esa ikki mamlakat xalqlari o’rtasida do’stlik rishtasiga aylangan.

“Sapat" maktablarini terroristik tashkilotlar bilan tenglashtirish va ushbu maktablarda bilim olayotganlarini asos qilib o’quvchilar va ularning oila a’zolariga nisbatan qandaydir sanksiyalar joriy etishni nomaqbul, Turkiya rasmiylarining bayonotlarini esa mas’uliyatsiz chiqishlar, deb hisoblaymiz”, - deya ta’kidlanadi Qirg’iziston Fan va ta’lim vazirligi bayonotida.

Vazirlikka ko’ra, hozirda Qirg’izistonda barcha “Sapat” maktablari qonunga to’la javob bergan holda, Fan va ta’lim vazirligi nazorati ostida faoliyat yuritmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG