Mutaxassis: Qirg’iziston dorixonalari nazoratga muhtoj


Qirg’izistonda dori-darmon bozori to’lib-toshgan, ammo bemorlarga taklif qilinayotgan mahsulot sifati past, narxlar esa o’ta baland. O’lkaning dori-darmon bozorini tartibga solish zarurati tug’ildi, deydi kuzatuvchilar.

Bu haqda Bishkekda o’tgan matbuot anjumanida Sog'liqni saqlash vazirligi rasmiylari bildirdi.

Rasmiy ma’lumotga ko’ra, mamlakatda 4000 farmasevtika kompaniyasi faoliyat ko’rsatadi. Ular 200 xorijiy firma mahsulotini pullaydi. Keng tarqalgan dori-darmonlar kamida ikki baravardan tortib, to 16 baravargacha oshirilgan narxda sotiladi.

Mutaxassislarning aytishicha, taraqqiy etgan davlatlar barmoq bilan sanarli farmasevtika kompaniyalari xizmati bilan kifoyalanadi. Yaqinda qo’shni O’zbekistonda narx-navoni asossiz ravishda ko’targan dorixonalar faoliyati to’xtatilgan.

“Amerika Ovozi” arslonboblik shifokor, taniqli dorishunos G’ofurjon Rahmonqulovni suhbatga chorladi. Uning aytishicha, Qirg’iziston dori bozori anchadan buyon tartibga muhtoj. Dorixonalar har qadamda, har xil sharoitda, jumladan, tegishli normalarga javob bermagan holda ishlaydi.

“Bir vaqtlar keltirilgan dori-darmon majburiy ravishda mahalliy laboratoriyalarda tekshirishdan o’tkazilar edi; sifati tasdiqlangach, dorixonalarga tarqatilardi. Narx-navosi ham aniq belgilanardi. Hozirda xohlagan odam, xohlagan joydan, xohlagan yo’l bilan medikamentlar olib kelmoqda va xohlagan narxda sotmoqda. Oqibati uchun hech kim javob bermaydi. Bu juda achinarli ko’rinish”, - deydi suhbatdosh.

Ushbu mutaxassisning ta'kidlashicha, dori-darmon sotish uchun bu qadar ko’p ruxsatnoma berilishi sohada o’zbilarmonlik, mas’uliyatsizlik va iste’molchilar haq-huquqlarining poymol etilishiga olib kelmoqda.

“Dori-darmon departamenti ruxsatnomalar berishni qisqartirishi, har bir litsenziyani qat’iy talablar asosida ajratishi, nazoratni kuchaytirishi maqsadga muvofiq”, - deydi Rahmonqulov.

Kuzatuvchilarga ko’ra, dori-darmon biznesi eng serdaromad sohalardan biri hisoblanib, Qirg’izistonda uning ortida qo’li uzun kuchlar turibdi. Sohada tartib o’rnatish urinishlari jiddiy qarshilikka uchrashi tayin, deydi ayrim tahlilchilar.

Ayni paytda tog’li Qirg’iziston shifobaxsh o’simliklar koni hisoblanadi. Birgina Arslonbob o’rmonlarida 150 dan ziyod dorivor o’simliklar mavjudligi aytiladi. Sho’rolar davrida ushbu joydan farmasevtika zavodlariga katta hajmda quritilgan shifobaxsh o’simliklar yuborilgan. Hozirda bu ishning ko’lami keskin ozaygan.

“Ne bo’lsa-da, mahalliy dorixonalarda o’simliklardan tayyorlangan 100 ga yaqin dori-darmon bor. Ammo bemorlarga ularni tavsiya qiladigan odamning o’zi yo’q. Hozirda shifokorlar qimmatbaho kimyoviy dorilarni yozib berishadi. Ayrimlari bundan manfaatdorligi sir emas”, - deydi G’afurjon Rahmonqulov.

Uning o'zi ham shifobaxsh o’simliklar tayyorlash bilan mashg’ul.

Aytish joizki, Qirg’ziston dori-darmon bozoridagi vaziyat hukumat idoralarida so’nggi oylarda ikki bor muhokama qilindi. Hozircha sezilarli o’zgarishlar ko’zga tashlanmaydi.

XS
SM
MD
LG