Breaking News

Yevropa politsiyachilari xizmatni boshladi, janub ahli foydasi bo’lar deydi


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining qurolsiz politsiya-maslahat guruhi Qirg’izistonda
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining qurolsiz politsiya-maslahat guruhi Qirg’izistonda

Hozircha politsiyachilar Bishkekda ishlamoqda. Yaqin orada 18 tumanda ikki kishidan joylashishi kutilmoqda.

O’tgan yilning yozida janubda etnik to’qnashuvlar ketidan Yevropa politsiyachilarini kiritish taklifi olg’a surilgan edi. Ammo bu fikr ayrimlar qarshiligiga uchrab, uning ijrosi anchaga cho’zilgan. Politsiyachilar xizmat mohiyati o’zgarib, ular faqat maslahat bilan yordam beradigan bo’ldi.

Politsiyachilar o’z tekshiruvlarini olib borish, tergov ishlariga aralashishga haqqi yo’q. Ular aholi bilan muloqot qilishi ham mumkin emas.

“YXHT politsiyachilari kelib, haqiqatni ko’rarmikan deb umid qilgan edik. Hozir Bishkekda ekan. O’shga ham keladi degan gaplar bor. Biror natijasi bo’lar axir”, - deydi o’shlik muallima Madina Nurmatova.

“Yaxshi tomoni shundaki, ular Ichki ishlar xodimlari, militsiya, tergovchilar ishlashni o’rganishadi. Men kutgan birinchi narsa, odamlar bilan, xalq bilan qanday ishlash kerakligini o’rgansa. Shunda militsiyaning obro’si ko’tarilarmidi… Biznikilar shulardan ko’p narsa o’rganishi kerak. Ikkinchi jihati, ularning huquqi juda cheklangan deb tushundim. Radio, televideniyeda shunday deb aytishayapti. Endi, bizga qanday foyda beradi u? Lekin kelgani yaxshi bo’ldi. Oddiy xalq bilan gaplashsa, foydasi tegishi mumkin. Bunga imkon berishadimi, yo’qmi, bilmayman”, - deydi Qirg’iziston Milliy Yoquvchilar Uyushmasi a’zosi Musulmon Temur.

“Ikki xalq azaldan kelishib yashagan edik. O’zimiz eplaganmiz. Cherdan yordamning, politsiyachilarning keragi yo’q. ”, - deydi qirg’iz ziyolilaridan biri Shodibekov Keneshbek.

Rasmiylarning aytishicha, politsiyachilar boshqaruvning yangi usulini joriy etishda mahalliy huquq-tartibot idoralariga maslahat beradi. Tergov sifatini oshirishga hissa qo’shadi.

Jalol-Oboddagi inson huquqlari tashkiloti xodimi Abdumalik Sharipov izohicha, xalqqa yordam berish poltisiya vakolatiga kirmaydi.

“Har bir fuqaroni qabul qilib, ularning dardini eshitadigan organ emas bu”, - deydi u.

“Qirg’iziston huquq-tartibot organlari Yevropa tajribasi va o’gitiga muhtoj”, - deb hisoblaydi siyosatshunos Marat Kazakbayev.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Qirg’iziston huquq-tartibot tizimini isloh qilishda ko’p yillardan beri yordam berib keladi. Ammo ayrim tahlilchilar buning samarasi ko’zga tashlanmayotganini aytadi.

Huquqshunos Abdumalik Sharipov nafaqat militsiya, balki bugun davlat tizimlarini isloh qiladigan payt yetib keldi deydi.

“Ishni albatta militsiyadan boshlash kerak. Huquq sohasida ishlab turib bilamiz, qonunni eng ko’p buzayotgan militsiyadir. Afsuski, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti xalqaro, davlatlararo idora bo’lgani uchun ko’proq diplomatic saviyada ishlamoqda. Ta’sir ko’rsatish kuchiga ega emas ekan. YXHT loyihasi doirasida hisbxonalarni monitoring qilayapmiz, shu paytgacha birorta foydasini bilmadik. Inson huquqlarini poymol qilish, qiynoqlar qanday bo’lgan bo’lsa, shu holda davom etib kelayapti. O’tgan yilgi to’qnshuvlardan keyin ommani tarqatish maqsadida militsiyaga qurollar, qalqon, ko’zdan yosh oqizuvchi gazlar tarqatilgan”, - deydi Sharipov.

Ko’pchilik faollar xalqaro politsiyachilar guruhi kutilgan ko’lam va yo’nalishda bo’lmasa-da, har holda foydadan xoli emas deb hisoblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG