Breaking News

Qirg’izistonda Bakiyev tarafdorlari namoyish qilmoqda


Bugun Qirg’iziston janubida,Jalolobodda sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev tarafdorlari va muvaqqat hukumatni yoqlayotgan kishilar to'qnashgan. Jalolobod shahar ahli vahimada. Bir kishi o'lgani, kamida 30 odam jarohat olgani xabar qilinmoqda.

Muvaqqat hukumat rahbari Roza Otunbayeva boshqaruvdan chekinmaymiz, Bakiyev tarafdorlari davlat tinchini buza olmaydi, demoqda.

Kecha muvaqqat hukumatga bo’ysunishdan bosh tortayotgan hududlar - Jalolobod va Botkenda Bakiyev tarafdorlari mahalliy hukumat binolariga hujum qilgan edi. O’sh shahrida aeroport qurshab olingani xabar qilinmoqda. Qirg’iziston muvaqqat hukumati hududga Mudofaa vaziri Ismoil Isokovni jo’natgan.

Sal oldin O’shda Bakiyevni qo’llab-quvvatlagan kishilar davlat idorasiga bostirib, kirib sobiq hokim lavozimiga qaytsin, deb talab qilgan.

Bu orada, Bakiyevga boshpana bergan Belarus diplomatlari xavfsizlik nuqtai nazaridan Qirg’izistonni tark etgan.

Bu orada Qirg'izistonda yangi konstitutsiya loyihasi muhokamada. O’sh va Jalolobodda o’tgan yig’inlarda o'zbek aholi vakillari bu hujjat yuzasidan o’z takliflarini bildirgan. Bosh qomus o'lkada yashovchi barcha elatlarning teng huquqli bo’lishini ta'minlasin, deydi jamoatchi faollar.

O’zbek jamoatchiligi konstitutsion islohotga umid bilan qaramoqda. Respublika o’zbek milliy-madaniy markazi prezidenti, Qirg’iziston parlamenti deputati Jaloliddin Salohiddinovning aytishicha, odamlar ijobiy siyosiy o’zgarishlarni istaydi.

“Qirg’zistonga parlament hokimiyati ma’qul keladi, deganlar oz emas. Menimcha, bizda prezident-parlament tizimi hukm sursa, yaxshii bo’lar edi”, - deydi u.

Taniqli ishbilarmon, Jalolobod viloyat o’zbek milliy-madaniy markazi rahbari Qodirjon Botirov fikricha:

“Bosh qomus barcha millatlar tengligini ta’minlab berishi kerak. “Biz tenglikda yashaymiz” degan shiorlar isbotini topishi kerak”.

O’zbeklar bosh qomusga qator tuzatishlar kiritishni taklif qilmoqda. Qirg’iziston ayollar kongressi O’sh viloyat bo’limi rahbari Karomat Abdullayeva “o’zgarishlar ko’p emas” deydi.

“Avvalambor, biz «Qirg’iz Respublikasi» degan ibora o’rniga «Qirg’iziston Respublikasi» qo’llansin degan taklifni kiritmoqchimiz. Davlat tizimlarida har bir millat vakilining ishlash huquqi poymol qilinmasligi kerak”, - deydi ushbu faol.

Mulohazalarga ko’ra, 1993 yilgi Qirg’iziston Konstitutsiyasi ozchilik millatlar zich yashaydigan hududlarda ularning ona tilini hayotning turli sohalarida qo’llash imkonini bergan edi. Keyinchalik bu modda bekor qilingan. Hozir o’zbek jamoatchiligi moddani tiklash tarafdori.

“Yangi Konstitutsiyada “Qirg’izistonda yashayotgan barcha millatlarning tillari saqlanishiga, rivojlanishiga, ularni o’rganishga kafolat beriladi” deyilgan. Biz o’sha moddaga “ishlatiladi” degan ibora qo’shilishini taklif qilayapmiz” , - deydi o’shlik arbob Shavkat Tojiboyev.

Ozchilik elatlar, jumladan, o’zbek jamoasi fikricha, Qirg’izistonda davlat boshqaruvida barcha elatlar faol qatnashishi uchun shart-sharoit yaratish darkor.

“Boshqa millat vakillari davlat ishlarida, mamlakat boshqaruvida qatnashsa, menimcha, o’lkaning rivojlanishiga, iqtisodiyotning yuksalishiga ijobiy ta’sir ko’rsatilar edi”, - deydi respublika o’zbek milliy-madaniy markazi prezidenti Jaloliddin Salohiddinov.

“Qirg’izistonda istiqomat qiluvchi xalqlar vakillari davlat boshqaruv organlarida faoliyat ko’rsatishlari uchun Konstitutsiya asosida kvota berilsin, degan qo’shimchani ham taklif qilmoqdamiz”, - deydi Shavkat Tojiboyev.

Ko’pchilik yangi Konstitutsiya loyihasini muhokama qilish va turli taklif-mulohazalar aytishga oz vaqt berilgan, deb hisoblaydi. Aytish joizki, zikr qilingan Bosh qomus loyihasi aprel oyining oxirida e’lon qilingan bo’lib, uning muhokamasi 14 mayda yakunlanishi kerak.

XS
SM
MD
LG