Breaking News

Chegaralar yopiq ekan, narx-navo osmonda, turmush yanada qiyinlashgan


Qirg’izistondagi to’polondan keyin (Suratlar) Qozog’iston va O’zbekiston xavfsizlik sabab bu davlat bilan chegarani yopgan edi.

Qozog’iston hukumati bir necha kun oldin ba’zi chegara postlarini qayta ochgan, lekin o’zbek-qirg’iz chegarasi qachon ochilishi noma’lum. Natijada Qirg’iziston iqtisodiyoti katta zarar ko'rib, mamlakat janubida xalq qiynalmoqda.

Qozog’iston kuni kecha 11 chegara punktidan 3 tasini ochgan.

Mahalliy mutaxassislarning aytishicha, chegaraning yopilishi Qirg’iziston uchun iqtisodiy, ijtimoiy muammolar tug’dirgan. Bozorda narxlar keskin oshgan.

“Chegaralarning yopilgani oddiy xalq ahvolini qiyinlashtirgan. Narxlar ko’tarilgan. O’zbekistonlik dehqonlar yetishtirgan mahsulotini sota olmasdan, zarar ko’rmoqda. Bizda esa olibsotarlar narxlarni oshirishayapti. Masalan kecha bozordan 60 so’mdan (1,5 AQSh dollariga yaqin) pomidor oldik. Bu juda qimmat”, - deydi o’shlik Saltanat opa.

“Menimg qizim O’zbekistonda yashaydi. Qarib qolganman. Agar kasal bo’lib qolsam qanday keladi”? – deya noliydi keksa bir oqsoqol.

So’ngi bir oy davomida Janubiy Qirg’izistonda benzin va dizelning bahosi qariyb 25 foiz oshgan.

Yonilg’i mahsulotlarini Qirg’iziston Rossiya va Qozog’iztondan oladi. Qimmatchilikka ushbu o’lkalardan ta’minot uzilishlari sabab bo’lgan.

Avvalroq bojxona ittifoqi a’zosi Rossiya Qirg’iziston uchun to’lovlarni ko’targan edi. Aytish joizki, muvaqqat hukumat qaroriga binoan, qo’shni davlatlar insonparvarlik yordami sifatida yuborgan benzin va dizel mamlakat dehqonlariga arzon bahoda bo’lib berilgan.

“Yonilg’i qimmat bo’lgani uchun ko’p yerlar haydalmay qoldi. Traktorlarda kultivatsiya, dorilash kerak. Mineral og’itlar ham ancha qimmatladi. Chegaralar ochilmasa yanada qimmatlaydi. Dehqonchilik mahsulotimiz bahosi juda ko’tarilib ketadi”, - deydi qora-suvlik dehqon Karim Orozbayev.

O’shlik tahlilchi Odiljon Obidov fikricha qo’shni davlatlar o’z xavfsizligini o’ylagan holda chegaralarini yopgan.

“Aprel voqealaridan keyin aholining qo’liga katta miqtorda qurol-yaroq o’tgan. Bu albatta tashvish o’yg’otadi. Qo’shnilarimizi to’g’ri tushunishimiz kerak. Ular bunday qilishga majbur”, - deydi u.

Tahlilchi fikricha, chegaralar yaqin kunlarda ochilishi kerak.

“Chunki yopiq chegaralar Markaziy Osiyo davlatlari orasida rivojlangan savdo munosabatlariga, mol almashishiga putur yetkazadi. Buni uzish, to’xtatib qo’yish faqat Qirg’izistonga emas balki butun o’lkalarning iqtisodiyotiga o’z salbiy ta’sirini ko’rsatadi”, - deydi Odiljon Obidov.

Ayni paytda suhbatdoshlar aytishicha, qo’shni davlatlarning Qirg’izistonga yordam qo’li cho’zayotgani, hayirhohlik bildirayotgani odamlarni quvontiradi.

Ko’pchilik chegaralar tezroq ochilishi va an’anaviy bordi-keldi munosabatlar iziga tushadi degan umidda.

“Barchamiz chegaralar ochilishini kutayapmiz. Axir bunaqada qarindosh aloqalar ham uzilib qoladi. Bir-birimizni tushunishimiz, bir-birimizning manfaatimizni ko'zlashimiz kerak”, - deydi o’shliklardan biri.

XS
SM
MD
LG