Breaking News

Qirg’iziston ahli: Xayriya faqat ro’zada emas, kunda qilinsa


Qirg’iziston ahli: Xayriya faqat ro’zada emas, kunda qilinsa
Qirg’iziston ahli: Xayriya faqat ro’zada emas, kunda qilinsa

Odatda Ramazon oyida yaxshi amallar qilinadi, qo’ldan kelgan yordam ayalmaydi.

Qirg’izistonda musulmonlar diniy boshqarmasi o’lkada qutlug’ Ramazon oyida xayriya ishlari ortganidan mamnun.

Boshqarma xodimlarining aytishicha, oshxonalarda kamxarj xonadonlar, yetim-yesirlar uchun iftorlar o’tmoqda. Muhtoj oilalarga moddiy yordam berilayotir.

O’sh viloyatidagi diniy idora boshlig’i Saidburhon Saidxo’jayev shariatda belgilangan fitr-sadaqa oy boshidan berila boshlagan, deydi.

“Bu oyda zakotlar beriladi. Shariatda ushur, degan zakor ham bor. Ya’ni dehqonchilikdan topilgan daromadning o’ndan birini muhtojlarga ajratish. Oldingi yillarga nisbatan musulmonlar o’z ma’suliyatini sezishib, mushkullarga, beva-bechoralarga yordam berishmoqda”, - deydi u.

“Mehr-shavqat” jamoatchilik jamg’armasi janubiy Qirg’izistonning bir necha tumanida faoliyat ko’rsatadi. Jamg’arma xodimasi Saida Ahmatohunova:

“Odamlarga baliqni qanday yeyishni emas, baliqni qanday tutish yo’llarini o’rgatamiz. Masalan, Nurobod qishlog’ida eski bolalalar boqchasini ta’mirdan o’tkazib, qayta ishga tushirdik. Bir necha qishloqda esa ichimlik suvi uchun 5-7 kilometrlik trubalar o’rnatdik. Yana ikkita qishloqda bolalalar uchun sport maydonchasi ochib berdik”,- deydi Saida Ahmatohunova.

Uning tashkiloti aholi bilimini oshirish maqsadida juda ko’p seminar, treninglar o’tkazadi. Bundan tashqari, maslahat berib, moddiy yordam ham uzatadi.

“Masalan, dehqonlar olayotgan hosilning unumdorligini oshirish uchun ularga yangi urug’lar yetkazib beramiz, arzon narxda mineral o’g’itlar xarid qilishiga yordam beramiz. Shu qatorda, oz foizli mikrokreditlar ajratamiz", - deydi u.

"Aravon va qo’shni Qora-Suv tumanlarida biz o’zaro yordam beruvchi guruhlar tuzganmiz. Hozirgacha ularning soni 300 dan ortgan. Ushbu guruhlarga bir-biriga yaqin insonlar, qo’ni-qo’shnilar birlashgan. Guruh fondi tuziladi, guruhning qonun-qoidalari bo’ladi. O’sha fonddagi mablag’dan bir-biriga yordam beradi. Mablag’ ko’payganidan keyin mahalladagi ijtimoiy masalalarni yechishda o’sha pullarni ishlatishadi”, - deya davom etadi “Mehr-shavqat” nodavlat tashkilot xodimasi Saida Ahmatohunova.

Badavlat insonlar orasida esa keng ko’lamli xayriya ishlariga, masalan, inshootlar qurish, yo’llarni ta’mirlash, yirik insonparvarlik loyihalariga hissa qo’shishga ishtiyoq so’na boshlagan. Ular mulkidan qo’rqib qolgan.

Imomxatib Saidburhon Saidxo’jayev nazarida bunday hadiklarga o’tgan yilgi iyun voqealari ortidan turli guruhlar mol-mulkli odamlarni ta’qib qilishi sabab bo’lgani ehtimol.

Odatda xayriya ishlari mahalliy o’z-o’zini boshqaruv tizimlari orqali amalga oshiriladi. Ushbu idoralar xodimlari fikricha, insonparvarlik amaliyotida ham tartib va rejali ish darkor.

“Biz qiynalgan odamlarga homiylar topib beramiz. Kim qanday yordamga muhtojligini yaxshi bilamiz”, - deydi O’sh shahridagi “Turon” hududiy kengash kotibi Sodiqjon Rahmonaliyev.

Muborak Ramazon oyidagi yaxshi amallar muayyan bir vaqtda emas, balki muntazam bo’lsa edi, deydi oddiy odamlar.

XS
SM
MD
LG