Breaking News

Qirg'iziston: Xotin-qizlar huquqi doim diqqat markazida bo'lishi darkor


Jalol-Obod, Qirg'iziston
Jalol-Obod, Qirg'iziston

Qirg’izistonda Onalar kuni... ushbu tadbir mamlakatda uch yil muqaddam ta’sis etilgan bo’lib, asosan ona va oila taqdiri hamda ehtiyojlariga jamiyat diqqatini jalb etishni ko’zda tutadi.

Qirg'iziston: Xotin-qizlar huquqi doim diqqat markazida bo'lishi darkor - Muhiddin Zarif
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:24 0:00

Ona baxti, ayol taqdiri o’shlik shoira Malika Komil qizi ijodining bosh mavzusi, desa bo’ladi. Ayol erki, haq-huquqlari haqida opaning o’z fikr-mulohazalari bor.

Qirg’izistonda fuqarolar, demakki, ayollar ega bo’lgan imkoniyatlar jumlasida u so’z erkinligini qadrlaydi. Mustaqillik yillari mobaynida Malika opaning bir necha kitobi chop etilgan.

Oilada ayollarga nisbatan zo’ravonlik hollarini shoira madaniy-ma’naviy kemtiklik, chalasavodlik bilan izohlaydi.

Suhbatdosh nazarida, oilaviy munosabatlarda haq-huquq masalalariga emas, balki o’zaro hurmat, bir-birini tushunishga urg’u berish afzal.

“Haq-huquqni inson o’zi kashf etishi va tiklashi, avaylashi lozim”, - deydi shoira Malika Komil qizi.

“Biz, ayollar, ochiqqa chiqdik, deya, hamma ishni, demakki, muammolarni ham o’z gardanimizga yuklab oldik”, - deydi O’zgan shahar ayollar kengashi raisasi, mahalliy o’rta maktab direktori Matluba Musaboyeva.

“Ayol oilada ham, jamiyatda ham o’z o’rnini bilishi shart”, - deydi u.

Opa ro’zg’or deb, pul deb, yurtma-yurt og'ir chamadon ko’tarib yurgan ayollarga achinadi.

Mahalliy nodavlat tashkilotlar Qirgizistonda qiz olib qochish, balog’atga yetmagan qizlarni kuyovga uzatish, qiz-juvonlarni og’ir ishlar bilan mashg’ul bo’lishi hollari ko’zga tashlanayotgan ko’rinish ekanini aytadi.

Suhbatdoshlar deydiki, noxush natijalarga olib kelayotgan barvaqt nikohlarga aksar uzoqni o’ylamagan ota-onalar sabab bo’lmoqda. Onalar, ayollarning haq-huquqlarini ta’minlashda davlat va jamiyatning hissasi naqadar salmoqli?

Keyingi yillarda mahalliy va parlament saylovlarida ayol nomzodlar safi biroz kengaygan. Ayni paytda onalar uchun imtiyozlar barmoq bilan sanarli.

“Ishchi-xizmatchi ayollarni rag’batlantirish haqida gap ham yo’q. Masalan, bizlarga dam olish, sog’likni tiklab olish uchun sanatoriylarga imtiyozli yo’llanmalar berilmaydi. Qachonki bizni yo’qlab qolishadi - saylovlar arafasida, saylovlarda”, - deydi ayollar kengashi raisasi.

Mahalliy mutaxassislar Qirg’izistonda qizlar va yosh juvonlarning bosimli qismi qamqonlikdan jabr chekayotganini ta’kidlaydi. Ayollarning odam savdosi qurboni bo’layotgan hollari, olis yurtlarda ish va’da qilayotgan shaxslarga ma’lum muddatga sotib yuborilayotgani ham ma’lum.

“Vaholanki, ayol huquqlari, uning jamiyatdagi o’rni va roli, oila ahvoli, uning jismoniy va ma’naviy salomatligi doim diqqat markazida bo’lishi darkor”, - deya xulosa qiladi suhbatdoshlar.

XS
SM
MD
LG