Qirg’izistonning O’sh shahridagi obida olov bilan “tozalandi”


Sulaymon to'g oldidagi masjid

Qirg’izistonning O’sh shahri qoq markazida jo’ylashgan Sulaymon tog’i quyuq tutun ichida qoldi. Ma’lum bo’lishicha, mahalliy idoralar tog’ yonbag’ridagi qadim mozorni qoplagan quruq xas-cho'plarni o't qo’yib yo’qotish harakatida bo’lgan.

Aytish joizki, ushbu tog’ mahalliy tarixiy-arxeologik muzey-majmua tarkibiga kirib, UNESCO’ning madaniy meroslar ro’yxatidan joy olgan.

Mutaxassislar qadim tog’ atrofini tozalashning boshqa usullari joizligini aytishadi.

“Amerika ovozi”o’shliklarning oy-fikrlari bilan qiziqdi.

O’shdagi qadim Sulaymon tog’i yonbag’ridagi eski qabristonlar, taxminan, 5-6 gektarni egallaydi. Har yili yozda u joy, bu joyda qurub qolgan xas-cho’plarga o't ketadi.

Bu yil mahalliy meriya Favqulodda holatlar vazirligi hamda diniy idora bilan kelishgan holda xas-cho'plarga o't qo’yib, nazorat ostida ushbu maydonni tozalashga qaror qildi.

Mahalliy muzey xodimi Qo’shali Qaparov bu haqda shunday deydi:

“Albatta, go’ristonlarni xas-cho’pdan tozalab turish kerak, lekin buning uchun ishchi kuchi yetishmaydi. Tasodifdan o’t ketib, katta ziyon bo’lmasligi uchun, ehtiyot choralarini ko’rgan holda o’t o’chiruvchilar nazoratida bu ish qilindi. Mahalliy imomlar ibodat qilib, ko’pchilikning roziligini olib o’t qo’yildi”, - deydi u.

Ekolog-olim, Qirg’iziston Fanlar akademiyasining Janubiy bo’limi boshlig’i Biymirza Toqtoraliyev mahalliy hukumat tadbirini o’ylanmagan, asoslanmagan amaliyot, deb hisoblaydi.

Professorning aytishicha, olov ostida turli jonivorlar yo’qolib ketadi. O’simlik dunyosiga putur yetadi. Qolaversa, qadim mozordagi eski yodgorliklar ziyon ko’radi.

Olimga ko'ra, muhofaza ostidagi ushbu maskanni boshqa yo’llar bilan tozalash maqsadga muvofiq. Aytaylik, xas-cho’plarni doim o’rib turish mumkin.

Sulaymon tog’i choqqisida Bobur uyi, tog’ atrofida Ravot Abdullaxon masjidi, Asaf ibn Burhiya maqbarasi va boshqa qadim inshootlar hamda viloyat tarixiy-me’moriy muzey-majmuasi joylashgan. Deyarli o’n yildirki, ushbu maskan UNESCO’ning madaniy meroslar ro’yxatiga kirgan.

Tabiiy ziyoratgoh o’tgan asrning 70-yillarida mahalliy jamoatchilik tashabbusi bilan ko’kalamzorlashtirilgan va o’ziga xos qo’riqxonaga aylangan.

“Har yili tog’ning u joy, bu joyiga o’t ketadi. Mana bu safar o’zlari o’t qalabdi. Atrof-muhit himoyachilari qayoqqa qarayabdi? Tog’dagi dov-daraxt o’z vaqtida sug’orilmaydi, yangi daraxtlar ekilmayapti. Go’ristondagi suyaklarni chirillatib, o’t qo’yish yaxshimi o’zi?”, - deydi Sulaymon tog’i yaqinidagi mahallada istiqomat qiluvchi ayol.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG