Din

Qirg'iziston yoshlari to'g'ri diniy tarbiya olyaptimi?


O'sh shahridagi masjidlardan biri

Qirg’izistonda nodavlat tashkilotlardan biri o’tkazgan anjumanlar o’lkada musulmon yoshlarining o’rni va roliga bag’ishlandi. Taqvodor zamondoshlar Qirg’izistonda o’zlarini, o’z o’rni va mavqeini qanday his qilmoqda? Qanday muammolar, intilishlar mavjud?

“Amerika Ovozi” mahalliy dinshunoslar va yoshlar vakillarini shu mavzuda suhbatga chorladi.

Zikr qilingan tadbirlarni uyushtirgan nodavlat tashkilotning rahbari dinshunos olim Qodir Malikov hozirgi zamonda yosh avlod tafakkuri uchun qattiq kurash ketayotganini ta’kidladi. Uningcha, nafaqat turli diniy oqimlar, balki g’arazli tashqi kuchlar, sharqona ma’naviyatga yot ko’rinishlar ham yoshlarning aqlini o’g’irlash payida.

“Qirg’iziston jamiyatida o’qimishli, bilimli, chuqur mulohaza qilishga qodir e’tiqodli yoshlar, aniqroq aytganda, asl musulmon ziyolilar yetishmaydi. Bizning maqsad aynan shu kamchilikni bartaraf etish, musulmon ziyoliligini shakllantirish”, - deydi Qodir Malikov.

Unincha, aynan bilim, ma’rifat, mustaqil fikrlay olish yoshlarni turli oqimlar va har-xil yovuz kuchlar ta’siridan saqlaydi.

“Yoshlarimizni qoloqlik, savodsizlikdan xalos etishimiz, ta’lim, madaniyat-ma’naviyatni taraqqiy ettirishimiz lozim” - deydi suhbatdosh.

Markaziy Osiyoning, aytaylik, Qirg’izistonning yosh musulmon avlodi qanday bo’lishi kerak? Qanday mezonlarga amal qilmoq lozim?

“Biz bu savolga yoshlarning o’zlari javob berishini, o’zlari davrimizning yosh musulmon avlodi qiyofasi borasida zarur tasavvurga ega bo’lishini istaymiz. O’tkazayotgan tadbirlardan maqsad ham shu. Shubha yo’qki, musulmon yoshlari jamiyatning faol, jonkuyar a’zolari, pok, bilimdon insonlar sifatida namoyon bo’ladilar”, deydi dinshunos.

Professor Qodir Malikov hozirgi paytda mintaqada musulmon yoshlarining siyosiylashuvi maqsadga muvofiq emas, deb hisoblaydi. Uning nazarida, yoshlar o’z kuch-g’ayratini ijtimoiy masalalarni hal qilishga yo’naltirgani ma’qul.

Qirg’izistonning musulmon yoshlariga nimalar yetishmaydi? Ular qanday kamchilik va muammolarni his qilmoqda - aytaylik, dini islomni o’rganish, taqvodor bo’lish, o’z haq-huquqlaridan foydalanish masalalarida, jamiyatning din va dindorlarga munosabatida? Hozirgi zamon musulmon yoshlariga nisbatan omma fikri qanday?

“Musulmon yoshlarimizning, albatta, ularning ma’lum qismining, asosiy muammolari - bu erinchoqlik, o’z ishi-hayotini uyushtira olmaslik, intizom yetishmasligi, deb o’ylayman. Aslini olganda yoshlar uchun barcha shart-sharoit mavjud, - salomatlik deysizmi, o’qish-o’rganish, rivojlanish uchun imkoniyatlar deysizmi”, - deydi Shohista ismli o’shlik talaba qiz.

Sizningcha, nega radikal kayfiyatdagi musulmon yoshlari odatda boshqa dindor yoshlarga qaraganda o’ta faol? Ular o’jarlik bilan, tajovuzkor ruhda diniy ta’lim-tarbiya sohasida yetakchi rol o’ynashga, omma fikriga bosim o’tkazishga harakat qiladi, o’zgacha diniy-ma’naviy muhit shakllantirishga urinadi. Tengqur birodarlarning esa ovozi ham chiqmaydi…

Shohista bu savolga biroz qiynalib javob beradi.

“Nojo’ya harakat qilish oson, inson ezgu ishlar bilan sinaladi”, - deydi u.

Yosh qalamkash, Bishkekda chop etiluvchi “Umma” jurnali xodimasi Ayko’l Bo’lo’tbekovaning aytishicha, Qirg’iziston musulmon yoshlari turli muloqot maydonlariga muhtoj. Yaxshi diniy adabiyot, axborot vositalari kerak.

“Afsuski, masjidlarimiz faqat ibodatxona rolini bajarish bilan cheklanishadi. Bu dargohlarda kutubxonalar, diniy bilim to’garaklari ish olib borsa, ona va bolalar uchun xonalar tashkil qilinsa, qay bir ijtimoiy loyihalar amalga oshirilsa qanday yaxshi bo’lar edi”, - deydi suhbatdosh.

Ayko’l Bo’lo’tbekovaning aytishicha, Qirg’iziston jamiyatida taqvodor yoshlardan yotsirash, hadiksirash, ularga qandaydir ko’rinishda bosim o’tkazishga urinish uncha sezilmaydi.

“Ayni paytda kundalik hayotda bo’linish, ajralib turish hollari ko’zga tashlanadi. Aytaylik, turli tadbirlarda hijobdagi qizlar alohida guruh bo’lib o’tiradi. Bo’linish ijtimoiy tarmoqlardagi munozaralarda ham yaqqol bilinadi. Bag’rikenglik haqida ko’p gapirilsa-da, nazarimda, jamiyatimiz hali boshqa nuqtai-nazarlar, qadriyatlarni to’g’ri qabul qilishga o’rganganicha yo’q”, - deydi Ayko’l.

Dinshunos olim Qodir Malikov fikricha, mamlakatda zamon bilan hamnafas, har tomonlama rivojlangan musulmon avlodini shakllantirish uchun davlat va diniy idoralar tig’iz hamkorlikda ish olib bormog’i darkor.

“Ayni paytda yoshlar o’z hayotini uyushtira bilishlari kerak. “Davlat shart-sharoit yaratib beradi”, deya barcha muammolarni davlat va jamiyat yelkasiga tashlab qo’yish durust emas”, - deydi suhbatdosh.

XS
SM
MD
LG