Breaking News

So'nggi teledebatdan oldin neshvillik saylovchilar fikr bildirmoqda


Bugun AQShning Tennessi shtatida prezidentlikka asosiy nomzodlar Donald Tramp va Jo Bayden so’nggi teledebatda bellashadi.

Xalqaro hayot – 22-oktabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:14 0:00

Birinchi debat, asosan, gap bo’lishlar bilan esda qoldi. Bu gal buning oldini olish uchun savolga javob bermayotgan nomzodning mikrofoni o’chirib qo’yiladi.

Tadbir Neshvilda o’tkaziladi. Odatda respublikachilarga ovoz beruvchi bu shahar bu gal demokratlarni qo’llab-quvvatlashi mumkin.

Neshvil kantri musiqasining markazi hisoblanadi, biroq koronavirus cheklovlari sabab shaharda mart oyidan beri konsert dasturlari o’tkazilgani yo’q.

“Konsert odamlarning ko’pligi bilan qiziq. Hamma bir-biriga suyanib, xirgoyi qiladi. Cheklovlar qachon olib tashlanishini hozircha bilmaymiz”, - deydi musiqashunos Erik Xolt.

Saylovga oz vaqt qolarkan, kimga ovoz berishni bilmay ikkilanib turgan saylovchilar ham bor. Tomeka Jonson bugungi debat paytida nomzodlardan koronavirusga qarshi vaksina haqida ko’proq ma’lumot olishni istaydi.

“Bolalarning maktabga qaytishiga vaksina qanchalik yordam berishini bilishni xohlardim”, - deydi u.

2016-yilda Donald Trampga ovoz bergan neshvillik Eli Goldsmit koronavirus tufayli bu gal Baydenni qo’llab-quvvatlamoqchi.

“Pandemiyaga qarshi kurashga kelganda Tramp o’zini kuchli rahbar sifatida ko’rsata olmadi”, - deydi u.

Mahalliy cherkov rahbari Efren Urias Donald Trampga ovoz berishini aytadi.

“Trampning “abort qotillik sodir etish bilan teng” degan gaplarini qadrlayman. Hammaning yashash uchun imkoni bo’lishi kerak”, - deydi ruhoniy.

Debbi Kuk ham Trampga ovoz bermoqchi.

“Bayden 40 yildan beri siyosat bilan shug’ullanayotgan bo’lsa, biror karomat ko’rsatmadi. Bu gal nima o’zgarardi?” – deydi u.

Shu kunga qadar 40 millionga yaqin amerikalik erta ovoz berdi. So’nggi teledebat qolgan saylovchilar ovozini qozonishga qaratilgan.

Neshvildagi qahvaxona egasi Bob Bernstayn erta ovoz berganlardan. U Baydenni prezidentlikka tanladi.

“COVID dan qutulsak, iqtisodiyot ham tiklanadi. Iqtisodiyot COVID muammosini hal eta olmaydi”, - deydi u.

Texasdagi Rays universitetida siyosatshunoslik bo’yicha professor Mark Jounsning aytishicha, nomzodlar debat paytida vazminlikni saqlashi kerak. Unga ko’ra, Bayden savollarga lo’nda javob berib, boshqa narsalarga chalg’imasligi lozim.

“Tramp esa Baydenning gapini oson savollarda bo’lib, qiyin savollarda javob berishiga imkon berib, qiynalib qolishiga umid qilishi kerak”, - deydi professor.

Birinchi debat Bayden reytingini yanada ko’tardi, Tramp bu gal tashabbusni qo’lga olishga umid qilmoqda.

3-noyabrda bo’ladigan saylovlarda amerikaliklar yolg’iz bu ikki nomzodga ovoz bermaydi. Matbuot deyarli tilga olmaydigan yana 8 ta nomzod bor, biroq ular kichik partiyalardan saylanayotgani bois hammasining ham ismi barcha shtatlardagi byulletenlarga kiritilmagan, asosiy teledebatlarda ham qatnashmayapti.

Libertarian partiya, Yashillar partiyasi, “Sotsializm va ozodlik” partiyasi, “Alyans” partiyasi, “Konstitutsiya” partiyasi, “Tug’ilgan kun” partiyasi hamda “Amerika birdamligi” partiyasidan nomzodlar saylovda qatnashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG