Breaking News

Lotin Amerikasida koronavirusdan ayniqsa qashshoq aholi jabr ko’rmoqda


Lotin Amerikasining ko’plab mamlakatlariga koronavirusni Yevropa va AQShga dam olishga yoki ish yuzasidan borgan badavlat odamlar olib kirgani ma’lum. Ularning aksariyati sog’aymoqda. Ammo mutaxassislarning ogohlantirishicha, virus oilasini boqish uchun har kuni ishlashga majbur bo’lgan, antisanitariya sharoitida yashovchi, tibbiy sug’urtasi bo’lmagan ko’plab yo’qsil odamlarni nobud qilishi mumkin.

Xalqaro hayot – 31-mart, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:16 0:00

Ayrim mamlakatlarda hukumatlar virus tarqalishining oldini olish maqsadida aholiga uyda o’tirishni buyurib, ishchilarning bir qismiga kompensatsiya to’lamoqda. Ammo yordamga muhtoj hamma ham pul olgani yo’q. Karantin bunday odamlar ahvolini yanada og’irlashtirmoqda.

Peruda 15 kunlik karantinning vizajist Nadya Munyosga og’iri deyarli tushmadi. U bu davrni maktabdagi darslarini internet orqali uydan qilayotgan 8 yashar o’g’li Lyuka bilan o’tkazdi.

Bir necha ko’cha narida yashovchi 86 yashar Alexandro de la Kruz va uning oilasi esa ancha qiynaldi. Ular ko’chada kiyim sotib pul topardi. Uyda suv, chiroq, internet yoki telefon yo’q. Ovqatni ko’mirda pishirishadi. Bu mahalladagilarning aksariyati oshpaz, haydovchi, tikuvchi va chevar, etikdo’z, avtomexanik va quruvchi bo’lib, karantin paytida ishsiz qolishgan.

Lotin Amerikasi dunyoda iqtisodiy tengsizlik eng kuchli mintaqa hisoblanadi.

“Afrikada qashshoqlik kengroq tarqalgan bo’lsa-da, Lotin Amerikasida boylar va kambag’allar o’rtasidagi tafovut dunyoning boshqa mintaqalariga qaraganda ancha kattadir”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Jeff Remzi.

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shtatida koronavirusdan o’lgan birinchi odam boy mahalladagi bir oilada xizmatkor bo’lib ishlagan 63 yashar ayol bo’ldi. Aslida ushbu boy xonadon a’zolaridan biri Italiyada bo’lib qaytib, virusga chalingan, ammo xizmatkorlariga aytmasdan test natijalarini kutayotgan edi.

Vafot etgan xizmatkor ayolning qon bosimi baland bo’lib, qand kasalligi bor edi.

Mintaqaning eng qashshoq mamlakati Gaitida koronavirus bilan ilk kasallanganlar 20-mart kuni aniqlangan. Ulardan birining Fransiyadan qaytgan gaitilik taniqli xonanda ekani ma’lum.

Hukumat banklar va davlat idoralarining ish soatlarini qisqartirib, maktablarni yopdi, odamlarga uyda o’tirish tavsiya qilindi. Biroq poytaxt Port-o-Prens ko’chalari o’tgan hafta ham odamlar va transport bilan gavjum edi.

Kasallik ayniqsa Chilida qattiq quturmoqda. 3-martdan beri 2500 dan ziyod odam, aksariyati Yevropa va, xususan Italiyada bo’lib qaytgan o’rta sinfning yuqori qatlami vakillari virusga chalingan.

Sog’liqni saqlash vazirining shikoyat qilishicha, poytaxt Santyagoning ikki boy mahallasida yashovchi odamlar koronavirus borligi aniqlanganidan so’ng ham karantin qoidalarini buzgan.

Meksikaning bir necha boylari ham koronavirusni xorijdan yuqtirib kelgan.

Argentina hukumati mamlakat iqtisodiyotining 35 foizini tashkil etuvchi norasmiy ishchilarga aprel oyida 151 dollarlik kompensatsiya belgiladi. Peru hukumati qashshoqlikka uchragan 2,7 million xonadonga 108 dollardan berilishi haqida e’lon qildi.

Braziliyaning o’ng qanot hukumati esa bunday rejasi yo’qligini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG