Breaking News

Kongress kutubxonasi faoliyatiga 218 yil bo'ldi


Vashingtonda joylashgan Kongress kutubxonasining ochilganiga 218 yil bo’ldi. Kutubxonaga AQShning ikkinchi prezidenti Jon Adamsning tashabbusi bilan 1800-yilda asos solingan. Hozirga kelib dunyoning eng katta va boy kutubxonasi hisoblanadi.

Kongress kutubxonasidagi manbalar bilan tanishib chiqish uchun inson butun umrini kitob o’qishga sarflasa ham vaqt yetmaydi.

“Kutubxonada ko’proq bo’lganim sayin kam narsa bilishimni tushunyapman”, - deydi kutubxona xodimi Jon Kol.

Jon Kol yarim asrdan ortiq Kongress kutubxonasida tarixchi bo’lib ishlaydi. U kutubxona sir-asrorlarini, bu joy bilan bog’liq hikoya va afsonalarni yoddan biladi, bu haqda soatlab gapirishi mumkin. Hatto kitobxonlarga madad beruvchi ruhlar, masalan, Spafford ismli xotirasi o'tkir kutubxonachining bo’lganini, uning ruhi shu yerda doimiy kezib yurishini aytadi.

“Spaffordning ruhi qaysi kitob qayerdaligini kitobxonlar qulog’iga shivirlar ekan. Ko’plab o’quvchilar Spafford ular izlayotgan kitobni topib berishda yordam bergani haqidagi afsonalarni aytishadi ”, - deydi Jon Kol.

Sobiq prezident Tomas Jeffersonning kitoblar kolleksiyasi kutubxonadan muhim o'rin olgan. 1812-yildagi urush paytida Kongress kutubxonasini Britaniya harbiylari vayron qilgan edi. Jefferson o’zining shaxsiy kutubxonasidagi kitoblarni kutubxonaga sotishga qaror qilib, vayron bo'lgan kutubxonani tiklashda yordam bermoqchi bo'ladi. Afsuski, qimmatli kitoblarning uchdan ikki qismi 1851-yil yong'inida nobud bo'lgan.

“Yashil tasmalar asl nusxa degani. Kitob o’rnida bo’sh quti turgan bo’lsa, buyurma berilgan manbaning kelishi kutilayotganini anglatadi”, - deydi Jon Kol.

Kongress kutubxonasida nafaqat kitoblar, balki xaritalar, telefon ma'lumotnomasi, ko’zi ojizlar uchun Brayl shriftida yozilgan matnlar va ularning audio nusxalari ham saqlanadi. Kutubxona katta bo’lishiga qaramay, joy muammo.

“Kolleksiyamizga kuniga 10 mingta yangi kitob qo’shiladi. Qayergadir joylash kerakku shuncha narsani! Amallayapmiz, lekin joy haqiqatda muammo”, - deydi Jon Kol.

Joy, mablag’ va so'nggi texnologiyalar - mana shularga katta ehtiyoj bor. Kutubxona Kongress qaramog'ida ekan, bu muammolarning hammasini hal qilsa bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG