Breaking News

Xillari Klinton NATOning Liviyadagi harakatlarini yoqladi


Xillari Klinton NATOning Liviyadagi harakatlarini yoqladi
Xillari Klinton NATOning Liviyadagi harakatlarini yoqladi

Qo’shma Shtatlar Liviyada NATO harbiy kampaniyasini yoqlamoqda. Ishni oxiriga yetkazish kerak, dedi AQSh Davlat kotibasi Berlinda NATO tashqi ishlar vazirlari yig’ilishida va koalitsiyani hamjihatlikka undadi.

Harbiy alyans safida Liviya rahbari Muammar Qaddafiyga qarshi amaliyot masalasida fikrlar tarqoq. Britaniya va Fransiya ittifoqchi davlatlarni kampaniyaga faolroq hissa qo’shishga chaqirib keladi. Gardanida Iroq va Afg’oniston turgan Qo’shma Shtatlar esa operatsiyadagi ulushini imkon qadar kamaytirmoqchi.

NATO Qaddafiy ketishi kerak deya bir ovozdan gapiradi, lekin koalitsiyaga yuklangan vazifa faqat Liviya uzra parvozlarni man qilish, aholini armiya hamlasidan himoya qilish va qurol-aslaha savdosiga yo’l qo’ymaslikdan iborat. Shunday ekan, alyans nima qilishini bilmay,arosatda.

Liviyada yil boshidan beri Qaddafiyga qarshi kurashib kelayotgan muxolifat bir necha shahar ustidan nazoratni qo’lga olgan. Oppozitsiyaning aytishicha, bugun armiya Misrata shahrini bombardimon qilib, to’qqiz kishini o’ldirgan. Qaddafiyga xayrixoh kuchlar bu port shahar aholisini atayin nishonga olgan, deydi faollar.

Shu damda Arab Ligasi qarorgohida, Qohirada Liviya taqdiri muhokamada. Unda BMT, Yevropa Ittifoqi, Afrika va Islomiy Konferensiya Tashkiloti vakillari ham qatnamoqda.

Berlinda esa NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari majlis qilmoqda. Ikki kunlik yig’inda so’zlagan Liviya vakili Mahmud Shammam harbiy alyansni tanqid qilib, aholi himoyasi uchun zarur chora ko’rmayotganlikda ayblagan. Oppozitsiya Qo’shma Shtatlardan habiy kampaniyada faol qatnashishni so’ramoqda. Fransiya va Britaniya ham Obamadan umidvor.

Yil boshida Liviya uzra parvozlarni man qilish operatsiyaga AQSh boshchilik qilgan edi. 31 martdan e’tiboran mas’uliyat 28 davlat a’zo NATO zimmasiga o’tgan. Mudofaa vazirligi - Pentagonning bildirishicha, hozir AQShga qarashli 11 dona qiruvchi samolyot reydga jalb qilingan.

Qatarda ham kecha Yaqin Sharq va G’arb davlatlari kengashib, Liviya muxolifatiga pul, siyosiy va gumanitar yordam berishga kelishib olgan. Bu anjuman qatnashchilari nazarida Qaddafiyga qarshi hujumlar o’rinli.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG