Breaking News

NATO Liviyada muxolifatni havodan urgan, o’lganlar bor


NATO Liviyada muxolifatni havodan urgan, o’lganlar bor
NATO Liviyada muxolifatni havodan urgan, o’lganlar bor

Liviya muxolifati NATO havo hujumi oqibatida ikki odami o’lganini aytmoqda. Alyans neft zaxirasiga boy Brega shahrida oppozitsiya manzilini o’qqa tutgan, deydi ular.

Isyonchilar hafta boshida NATOni sustkashlikda, aholini himoya qilish, 42 yillik rahbar Muammar Qaddafiy arsenali va armiyasiga yetarlicha qarshilik ko’rsatishga ojizlikda ayblab, tanqid qilgan edi.

Muxolifat shu damda Brega uchun kurashmoqda. Yil boshidan beri shahar bir hukumat, bir isyonchilar qo’liga o’tib turibdi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ayniqsa Misrata va Brega shaharlaridagi vaziyatdan xavotir bildirib keladi.

“Qaddafiyga xayrixoh kuchlar bu hududlarga raketa yog’dirmoqda”, - deydi Pan Gi Mun. Qamaldan chiqa olmayotgan aholi yegulik, suv va dori-darmonga muhtoj. Britaniya havo kuchlari kecha hukumat iznidagi Sarir shahrini o’qqa tutib, uch askarni o’ldirgan.

Qo’shma Shtatlar, Yevropa va Yaqin Sharq davlatlari kelasi hafta Qatarda uchrashib, Liviyadagi harbiy kampaniya yuzasidan fikr almashadi. Afrika Ittifoqidan vakil bo’lish-bo’lmasligi hozircha noma’lum.

NATO davlatlari kelasi hafta Berlinda majlis qilib, muxolifatni harbiy tayyorgarlikdan o’tkazish haqida gaplashadi.

Qaddafiy kecha Amerika prezidenti Barak Obamaga maktub yo’llab, NATO hujumlarini tugatishga chaqirgan. Uch sahifalik xatda u “kichik bir davlatga qarshi adolatsiz urushni” bas qilishga undagan. Qaddafiy nazarida mojaroni Liviya xalqi hal qilishi kerak.

“Qo’zg’olonchilar boshida turgan aslida al-Qoida”, - deydi u.

Amerikaning ilk qora tanli rahbari Barak Obamaga “o’g’lim”, “Afrika o’g’loni” deya murojaat qilar ekan, Qaddafiy unga omad tilab, kelgusi prezident saylovlarida qayta saylanishiga umid bildirgan.

Amerika Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton bu da’vatni rad etib, Qaddafiy shu ondayoq lavozimidan ketishi kerak, deydi.

“Liviya rahbari undan nima talab qilinayotganini biladi. Generalga sodiq guruhlar qurolini tashlashi kerak”, - deydi Klinton.

Muxolifatning NATOdan shikoyati haqida to’xtalgan vazira “alyans puxta ish ko’rayapti”, dedi.

Qaddafiyga sodiq harbiylar aholi zich yashovchi hududlarga kirib olgan, undan qalqon sifatida foydalanmoqda.

“Bunday sharoitda kurashish juda qiyin. NATO a’lo darajada harakat qilmoqda”, - deydi AQSh Davlat kotibasi.

Liviyada muxolifat tuzgan kengashni tan olgan, hokimiyatga loyiq ko’rgan davlatlar – Italiya, Fransiya va Qatar. Qo’shma Shtatlar hozircha sukutda.

Amerika qonunchilari Yaqin Sharq va Afrika shimolidagi g’alayonlar, uning AQSh xavfsizligiga ta’siri haqida o’ylanib qolgan. Kongressda Kontr-terrorism va razvedka bo’yicha qo’mita raisi Patrik Mixan Misr va Tunisdagi o’zgarishlarni olqishlaydi.

Lekin, deydi u, Misrda qamoqxonalar bo’shab, jinoyatchilar, jumladan, radikalizmda ayblangan jangarilar ozodlikda va regionda erkin harakat qilib yurgani ma’lum.

Demokrat qonunchi Jeki Speyer fikricha, Tunis va Misr uzoq yillik qo’rquv changalidan qutulgan ekan, Qo’shma Shtatlar region bilan aloqani qaytadan ko’rib chiqishi kerak.

Terrorizmga qarshi kurashda hamkorlar haqida gap ketmoqda. Shu paytga qadar imzolangan hujjatlar kuchini yo’qotsa ajabmas, deydi kongressmen ayol. Biroq mintaqadagi demokratik o’zgarishlarni hurmat qilishimiz kerak, deydi u.

Tahlilchi Brayan Katulis diktatorlarga tobelikdan qutulish kerak, deb hisoblaydi.

“Qo’shma Shtatlar zolim rahbarlarga, ularning neftiga bog’lanib qolgan”, - deydi olim. “Bu yaxshi emas ekanini, undan qutulish kerakligini bilamiz, lekin yechimni topa olmayapmiz”, - deydi u.

Katulis fikricha, qo’zg’olonlar Amerika uchun noyob bir imkoniyat. Yangi avlod maydonga kelgan. Al-Qoidadan hayiqib, muhim o’zgarishlarni qo’ldan boy berishimiz, mumkin, deydi tahlilchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG