Breaking News

Milliardlab dollar pulni Liviyaga qaytarish muhokamada


Milliardlab dollar pulni Liviyaga qaytarish muhokamada
Milliardlab dollar pulni Liviyaga qaytarish muhokamada

Liviyada isyonchilar Muammar Qaddafiy va uning vazirlarini qidirishda NATO dan ko’mak olayapti.

Muxolifat mamlakatning 90 foizi uning qo’lida ekanini aytsa-da, Liviyani 42 yildan beri boshqarayotgan polkovnik Qaddafiyning qayerda ekani noma’lum. Uni topishda yordam berganlarga 1,6 million dollar mukofot va’da qilingan.

Isyonchilar bugun poytaxt Tripolidan 400 kilometr narida joylashgan, Qaddafiy tug’ilib o’sgan Sirt shahriga yo’l oldi. Vashingtonda esa Liviyadagi o’zgarishlar o’ziga yarasha xavotir bilan qabul qilinmoqda.

Harbiy kampaniyaga katta hissa qo’shgan AQSh Qaddafiydan keyingi davrda qanday rol o’ynamoqchi, degan savol o’rtaga tashlanmoqda.

“Amerika Liviyaga do’st va hamkor bo’ladi. Ittifoqchilar bilan birgalikda, bu xalq xavfsizligini ta’minlash vazifasini oxiriga yetkazadi”, - deydi prezident Barak Obama.

AQSh hukumati hozircha ana shunday umumiy gaplar bilan cheklanmoqda. Davlat departamenti rasmiylarining aytishicha, Liviyaga qanday yordam kerakligini ularning o’zi aytishi kerak.

“Poytaxt Tripolida muvaqqat boshqaruv kengashi ish boshlashi uchun, kuchli va barqaror hukumat tuzish uchun mablag’ zarur. Uni yetkazish birlamchi vazifa”, - deydi departament so’zlovchisi Viktoriya Nuland.

Boshida Muammar Qaddafiyga qarshi harbiy kampaniyaga yetakchilik qilgan Qo’shma Shtatlar keyinchlik yordamchi rolini bajarishga o’tdi. Tahlilchi Richard Vayts nazarida Vashington bu borada liderlikni qo’lga olmoqchi emas.

“Liviya uchun Afrikaning boshqa davlatlari, qo’shnilar, jumladan arab dunyosi qayg’ursin degan fikr mavjud”.

Xorijda, xususan AQSh va Yevropada Qaddafiy rejimiga tegishli milliardlab dollar pul bor. Sanksiyalarni olib tashlab, mablag’ni keyinchlik mamlakatga qaytarish ustida muhokamalar ketmoqda.

Richard Vayts deydiki, gumanitar yordam va xavfsizlikni ta’minlash - birlamchi vazifalar. “Pulning qolganini demokratik islohot sharti bilan bergan ma’qul”, - deb hisoblaydi u.

Qayd etish joiz, urushlarni tugatib, sarfiyatni keskin qisqartirishga bel bog’lagan Qo’shma Shtatlarda hozir xorijiy yordam hajmini oshirish haqida gapirish noo’rin. Neftga boy Liviya o’zini uddalay oladi, deyayotganlar ko’p.

Tahlilchi Maykl O’Xenlonning aytishicha, Liviya o’nlab milliard dollar zaxiraga ega mamlakat, aholisi ham ko’p emas. “Yangi jamiyatni qurishda AQSh albatta qo’ldan kelgan yordamni ko’rsatishi kerak”, - deydi O’Xenlon.

Muxbirimiz Margaret Beshirning BMT qarorgohidan xabar berishicha, AQSh Liviya hukumatiga tegishli 1,5 milliard dollar pulni gumanitar maqsadlarga sarflash to’g’risida rezolyutsiya taqdim etgan.

Xavfsizlik Kengashi a’zolaridan 9 tasi qarorni ma’qullasa, mablag’ Liviya muvaqqat boshqaruv kengashiga uzatiladi.

Taklif shuki, 500 million dollar insonparvarlik tashkilotlariga berilsin. 500 million dollar elektr ta’minotini tiklashga, va pulning qolgani ta’lim, sog’liqni saqlash sohlariga hamda aholiga oziq-ovqat tarqatish uchun sarflansin.

Mavzu bugun BMTda muhokama qilinyapti. Moliyaviy sanksiyalar olib tashlanishiga qarshi yagona davlat – Janubiy Afrika.

Bu davlat elchisi Baso Sangu deydiki, mablag’ aholi ehtiyojlarini qondirishga sarflanadi deb hech kim kafolat bera olmaydi.

Janubiy Afrika Liviya muxolifati tuzgan kengashni tan olganicha yo’q. Qarorga veto qo’yishining sabablaridan biri ham shu.

“Liviya xalqi nomidan gapirayotgan isyonchilar haqiqatdan ham xalqni o’ylayaptimi? Pul qanday loyihalarga sarflanadi? Buni kim kuzatadi?”, - deb so’raydi Janubiy Afrika elchisi.

Uning aytishicha, Liviya hali ham Afrika Ittifoqi a’zosi, demak BMT Xavfsizlik Kengashi bu tashkilot bilan maslahat qilishi lozim.

XS
SM
MD
LG