Breaking News

AQSh "Manas"da ekanidan Qirg’iziston, Rossiya birday manfaatdor


"Manas" orqali Afg'onistonga jo'nayotgan zobitlar
"Manas" orqali Afg'onistonga jo'nayotgan zobitlar

AQShning Qirg’izistondagi elchisi Pamela Spratlenning aytishicha, “Manas” tranzit markaziga yonilg'ining 50 foizini endi Rossiya-Qirg'iziston qo'shma korxonasi yetkazib beradi.

Yaqinda tuzilgan bu firma xolis, oshkora savdo qiladi, deya umid qilinmoqda.

Aksar mahalliy tahlilchilar fikricha, Amerika foydalanib kelayotgan “Manas” tranzit markazini yonilg’i bilan ta’minlash borasidagi yangi bitim turli shubhalarga chek qo’yishi kutilmoqda.

Bishkeklik harbiy tahlilchi, polkovnik Leonid Bondaretsning aytishicha, markaz ta’minoti avval har xil gumonlarga sabab bo’lgan.

“Bakiyev va Akayev davrida Rossiyadan kelgan yonilg’i yashirin yo’llar bilan qayta sotib kelingan edi. Endi ta’minot to’g’ridan-to’g’ri amalga oshiriladi. Bu yahshi ish”, - deydi polkovnik Bondarets.

Uning aytishicha, Rossiya Afg’onistonda tinchlik o’rnatish masalasida Amerika transit markazining Qirg’izistonda qolishidan manfaatdor.

“Rossiya avvaldan bazaning ochilishiga rozi bo’lgan. Ko’p rus siyosatchilari baza Qirg’izistonda qolishi va amerikaliklar Afg’onistonda tartib o’rnatishi tarafdori”, - deydi suhbatdosh.

Siyosatshunos, taniqli diplomat Orozbek Moldaliyev so’zlariga ko’ra, Rossiya shundog’am G’arbga neft-gaz sotadi. Shu bois, Rossiyaga farqi yo’q, Bishkek orqali AQShga uzatadimi, yoki to’g’ridan-to’g’ri.

“Ammo bir narsani unutmaslik kerak. Rossiya AQShning Markaziy Osiyoda ta’siri kengayishini hech qachon istamagan. Tashqi siyosat masalalari rasmiy Moskva orqali yechilishini xohlaganlar yo’q emas. Bizning ayrim siyosatchilarimiz orasida o’sha fikrlarni qo’llab, o’z manfaatini ko’zlaganlar ham bor”, - deydi siyosatshunos.

Uningcha, Qirg’iziston G’arb bilan ham, Xitoy bilan ham, Rossiya bilan ham teng hamkorlik olib borishi darkor. Saylov arafasida tranzit yuk tashish markazi masalasi ayrim mahalliy siyosatchilar qo’lida siyosiy o’yin vositasiga aylanadi. Orozbek Moldaliyev bunday harakatlarni qo’llab-quvvatlamaydi.

“Masalaga keng o’ylangan, xalq manfaatlarini ko’zlagan holda yondashish lozim”, - deydi u.

Siyosatshunos nazarida Qirg’iziston manfaatlari va hududiy daxlsizligi nuqtai nazaridan AQShning mamlakatda bo’lishi ulkan ahamiyat kasb etadi.

“Faqat 160-200 million dollar haqida emas gap. Bu siyosiy masala. O’sha markaz turgani uchun Qirg’izistonga nisbatan muomala o’zgacha. Rossiya, Xitoy munosabati ham shu bilan bog’liq. Tranzit markazi yopilsa Qirg’iziston uchun foyda bo’ladimi? Menimcha, shu savollarga javob izlashimiz kerak”, - deydi Orozbek Moldaliyev.

Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, AQShning “Manas”dagi tranzit yuk tashish markazi yiliga 360-400 ming tonnagacha yonilg’i sarflaydi. Shu bilan Amerikaning Qirg’iziston iqtisodiyotiga qo’shgan hissasi o’tgan yili 123 million dollarga yetgan.

XS
SM
MD
LG