Breaking News

AQSh Turkiyadan dengizda burg'ilash ishlarini to'xtatishni so'radi


Turkiya O'rta dengizda neft va gaz zaxiralarini qidirishni boshlagan

Qo’shma Shtatlar Turkiyaning Gretsiya bilan aloqalari izdan chiqishidan xavotirlanib, Turkiyani O’rta dengizdagi bahsli suvlarda burg’ilash ishlarini to’xtatishga undamoqda. Energiya resurslariga da’vogarlik NATO tashkilotiga a’zo qo’shnilar orasida ziddiyatga sabab bo’lmoqda.

Vashington shu paytgacha Turkiya va Gretsiya orasidagi nizoga oid bunday jiddiy ogohlantirish bilan chiqmagan edi.

“AQSh Kipr atrofidagi suvlarda olib borilayotgan burg’ilash ishlari yuzasidan chuqur xavotirini bildiradi. Ushbu faoliyat mintaqada keskinlikni oshirmoqda. Turkiyadan bu ishlarni to’xtatishni yana bir bor so’raymiz”, - dedi AQSh Davlat kotibi muovini Metyu Palmer.

Rasmiy bu haqda Gretsiyadagi xalqaro konferensiyada bayon qildi. Avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an burg’ilash davom etishini, Gretsiya orollari tomon tadqiqotchi kema safarbar etilishini ma’lum qilgan.

Erdog’an 2019-yilning noyabrida Liviya bilan dengiz shartnomasi imzolagan. Uning doirasida Anqara O’rta dengizning janubi-sharqiy sohillaridan Liviyagacha bo’lgan hududda neft va gaz qidirishga o’zini haqli deb biladi.

O’rtada Gretsiya orollari joylashgani bois Turkiya Gretsiya suvlarida ham izlanishlar olib borish huquqiga ega ekanini ta’kidlaydi. AQShning Gretsiyadagi elchisi Jeffri Payatning aytishicha, hujjat noto’g’ri talqin qilinyapti.

“Bunday provokatsion harakatlar vaziyatni hal qilishga yordam bermaydi. Muhimi, Gretsiyaning huquqlariga ko’z yuma olmaysiz”, - deydi diplomat.

Yevropa Ittifoqi ham kelishuvning qonuniy ekanini savolga tutmoqda. O'tgan oy Gretsiya, Kipr, Misr, Fransiya va Birlashgan Arab Amirliklari hujjatni qoraladi.

Bu orada, Gretsiya va Turkiya orasida keskinlik davom etyapti. Ikki davlat rahbarlari yaqinda suverenitet himoyasi yo’lida urushga ham tayyor ekanliklarini ta’kidlashdi.

“AQSh, ittifoqchi sifatida, Gretsiya va Turkiya o’rtasidagi taranglik kutilmagan oqibatlarga olib kelishidan xavotirda. Ilgari bu mintaqada voqealar tezda eskalatsiya bo’lganini ko’rganmiz. NATO a’zosi bo’lmish ikki mamlakatni muloqot kanallarini ochiq saqlashga chaqiramiz”, - deydi elchi Jeffri Payat.

Gretsiya va Turkiya masala yuzasidan diplomatik muloqot qilayotgani to’g’risida ma’lumot yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG