Oq uy tarixda Melaniya Tramp singari bekani ko'rmagan

  • Amerika Ovozi

20-yanvar kuni sobiq model Melaniya Tramp Amerikaning xorijda tug’ilgan birinchi xonimiga aylandi. Mamlakatning 200 yillik tarixida yangilik bu. 46 yoshli Melaniya Tramp Donald Tramp bilan 11 yil oldin turmush qurgan. Yaqingacha amerikaliklar Melaniya Tramp va uning vatani Sloveniya haqida ko’p ham bilmas edi.

​Sloveniya ertaklarni eslatadi: har qadamda mitti qal’a, qasrlar, qalin archazorlar. Sloveniyaliklar nazarida Melaniya Tramp bu mamlakatni dunyoga tanitayapti.

“Sloveniya? Nima ekan u? Yegulikmi? Mashinami? Hech kim bilmaydi bizni. Mamlakat ekanimizni, Melaniya Sloveniyadan ekanini bilishmaydi. Hozir esa aholisi ikki million bu davlat nihoyat Yevropa va dunyoga tanilishi uchun zo’r imkoniyat bu”, - deydi Yakob Susterik ismli mana bu sloveniyalik.

Stan Yerko uyatchan o’smir Melaniyani modalar namoyishi paytida kashf qilgan.

“Novcha, ozg’in, sochlari uzun, oyoqlari uzun qiz edi. Juda modelbop qiz ekanini darrov tushundim. Nafaqat yuz-ko’zini, balki ajablanarsiz, uning ichki dunyosini, irodasini ko’ra bildim”, - deydi Yerko.

Irodali Melaniya muvaffaqiyat qozona oldi. Yerko bu bilan Amerika tarixiga oz bo’lsa ham hissa qo’shdim, deb hisoblaydi.

“Amerikaning birinchi xonimi bo’ladi u. Uni men kashf qildim. Men olgan suratlar uning shuhrat qozonishiga yordam berdi”, - deydi u.

Melaniya kiber ta’qiblar, kiber tajovuzlarga qarshi kurashmoqchi. O’zi ham maktabda o’qib yurgan yillarida tengdoshlarning zug’umi bilan yuzlashgan, ularga qarshi turib bera olgan. Dugonasi va sinfdoshi buni yaxshi eslaydi.

“Xushro’y edi, modellik qilar edi. Ko’p qizlar u haqda g’iybat qilishar, unga hasad qilishar edi. Lekin Melaniya ularga e’tibor bermas edi. Juda irodali, bosiq qiz edi. O’zining qadrini bilar edi. Qo’lidan ish kelar, birovning fikri unga qiziq emas edi”, - deydi dugonasi.

Kommunizm, jumladan, Yugoslaviya parchalanish arafasida edi o’sha yillari. Melaniyaning esa orzulari behad edi.

“Chet davlatda o’qishni, dunyo ko’rishni xohlar edik. Melaniya model sifatida boshqa davlatlarda ishlashni orzu qilgan, Sloveniya uning uchun tor edi”, - deya eslaydi do’sti.

Melaniya Tramp 17 yoshida
Melaniya Tramp 17 yoshida

Melaniya Tramp 17 yoshida
Melaniya Tramp 17 yoshida

Avval Milan, keyin Parij va nihoyat Nyu-Yorkka safar qilib, o’sha yerda Amerikaning bo’lg’usi prezidenti bilan tanishdi.

Melaniyaning ona shahri Sevnitsada uning otasini yaxshi eslashadi. Viktor Knavs avtomobil sotib ro’zg’or tebratgan, juda uddaburo tadbirkor edi, deyishadi.

“Viktor avtomobillarni ipidan ignasigacha bilar, savdoni qiyib qo’yar edi. Umuman, istagan sohada oldi-sotdi qilib keta olar edi. Shu sababli ham ro’zg’ori doim but edi. Melaniya otasining bu xislatini yaxshi bilgan. Donald Trampda ham ana xislatni ko’rgan, otasiga o’xshatgan bo’lishi aniq”, - deydi Melaniyaning oilasini bilgan Zdravko Mastnak.

Shu paytgacha amerikaliklar Sloveniya haqida deyarli eshitmagan. Ko’plar sloveniyaliklar uchun endi Oq uyda ularning vatandoshi yashashini bilish sharaf.

“Amerika haqiqatan imkoniyatlar diyori ekaniga ishonamiz. Bu davlatga borib yashagan, ishlagan odam muvaffaqiyat qozonishi aniq ekan”, - deydi Yakob Susterik.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG