Yaqin Sharqda pandemiyagacha bir necha oy davom etgan norozilik namoyishlari karantin natijasida to’xtab qoldi. Iroq va Livanda namoyishchilar ko’chaga qaytmoqda. Pandemiya jamiyatdagi mavjud muammolarni yanada chuqurlashtirgani aytiladi.
“Omonatlarimizning barchasini yo’qotdik. Nima qilishni bilmaymiz endi”, - deydi bayrutlik Abu Ahmad.
Xalq muammolarga siyosiy elita orasida chuqur o’rnashgan korrupsiya aybdor, deydi.
“Transparency International” tashkilotiga ko’ra, Livanda poraxo’rlar siyosiy tizim himoyasida bo’lib, fuqarolarning salkam 90 foizi nazarida, hukumat bunga qarshi kurashmayapti.
Muammo tez hal qilinmasa, deydi tahlilchilar, mamlakat yanada beqarorlashadi.
“So’nggi olti oydan beri kuzatilayotgan barcha zo’ravonliklar milliy valyuta qiymatining keskin tushib ketishidan boshlangan. Odamlar g’azabda edi”, - deydi “Xalqaro inqirozlar guruhi”dan Xayko Vimmen.
Iroqda esa ko’p oylik namoyishlar oktabrda boshlanib, yuzlab odam o’limiga sabab bo’ldi.
Namoyishchilarning bir qismi hozir pandemiya sabab uyda, boshqalari esa shaharlar markaziga qaytgan.
Yangi Bosh vazir Mustafo Qadimiy namoyishchilarning ba’zi talablarini bajarishga rozi, xususan qamoqdagi faollarni ozod qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish, yangi saylovlarni belgilash, mamlakatni qamrab olgan moliyaviy va xavfsizlik bilan bog’liq inqirozga yechim topishga.
Biroq faollar 17 yilda adolatli demokratiya o’rnatishga qaratilgan harakatlar samara bermaganini aytib, bosh vazir va’dalariga shubha bilan qaramoqda va va’da qilingan ishlar amalga oshirilmaguncha namoyishlarni bas qilmaslikka qaror qildi.
Iqtisodiy adolatni yolg’iz namoyishchilar talab qilayotgani yo’q, deydi tahlilchilar.
“Tushkunlik va umidsizlik hissi g’azabga aylanmoqda. Nafaqat namoyishchilarda, balki ko’chaga chiqmagan boshqa odamlarda ham. 2003-yildan beri Iroqqa demokratiya va samarali boshqaruv va’da qilib hokimiyatga kelayotgan rahbarlar bu ishning uddasidan chiqa olgani yo’q degan fikr mavjud jamiyatda”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazidan Renad Mansur.
BMT bashoratiga ko’ra, neftga boy Iroqda qashshoqlik joriy yilda 40 foizgacha ko’tarilishi kutilmoqda.
Mamlakat neft narxining keskin tushib ketgani va “Islomiy davlat” jangari to’dasi tahdidlarining oshgani bilan olishmoqda.
Iroq va Livandagi faollar pandemiya susaysa, kurashni to’liq davom ettirishga umid qilmoqda.
“Inqilob to’xtamaydi. Ko’chalarga yana chiqib, huquqlarimizni talab qilamiz”, - deydi Raid ismli bayrutlik.
Mutaxassislarning xulosasi shuki, bu mamlakatlarda hukumatlar chuqur islohotlarga qo’l urmasa, tanazzul yanada kuchayadi.
Facebook Forum