Breaking News

Prezident Karimovning arab dunyosidagi jarayonlarga munosabati tanqid ostida


Prezident Karimovning arab dunyosidagi jarayonlarga munosabati tanqid ostida
Prezident Karimovning arab dunyosidagi jarayonlarga munosabati tanqid ostida

O'zbekiston rahbari arab qo'zg'olonlari ortida tashqi kuchlar turibdi desa, xalqaro huquq tashkilotlari va mahalliy faollar bu xalq harakati, deydi.



Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari va 2005-yilda Andijondagi qirg'indan qochib, AQShda siyosiy boshpana olgan odamlar O'zbekiston prezidentining arab dunyosidagi namoyishlar va Andijon fojiasiga nisbatan kuni kecha bildirgan fikrlariga qo'shilmaydi.

Islom Karimov 9-may Xotira va qadrlash kunida muxbirlar bilan suhbatlashar ekan, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi jarayonlarga baho berdi.Uning aytishicha, bu jarayonlarga tashqi kuchlar aralashgan.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Human Rights Watch tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha direktori o'rinbosari Reychel Denberning aytishicha, xoh Misr, xoh Tunis, xoh boshqa arab davlati bo'lsin, barchasida xalq avtoritar hukumatlarga qarshi chiqib, o'z huquqlarini talab qilgan. Liviyada NATO havo hujumlarini hisobga olmaganda, hech birida tashqi kuch aralashmagan.

"Yaqin Sharqdagi voqealar O'zbekiston hukumati kabi avtokratik tuzumlarni qo'llab-quvvatlayotgan odamlar uchun yaxshi saboqdir. Barqarorlik niqobi ostida repressiv siyosatga qo'l urayotgan hukumatning umri qisqa bo'ladi. Xalq ertami, kech qo'zg'aladi", - deydi Reychel Denber.

Prezident Karimovning aytishicha, o'ziga to'q, boy, rivojlangan davlatlarda g'alayon o'z-o'zidan bo'lmaydi. O'zbekiston rahbari tashqi kuchlar arab dunyosi tabiiy boyliklariga ko'z tikkan, degan xulosaga keladi.

Ammo Human Rights Watch tashkiloti xodimi nazarida bu yanglish fikr.

"Ko'p hollarda aynan tabiiy resurslar, neftga boy davlatlarda hukumat elitasi ushbu boylikni o'zlashtirishga va shu maqsadda hokimiyat tepasida ilinib qolishga harakat qiladi. Bundan bebahra qolgan tomonlar esa korrupsiya, tanish-bilishchilikdan toqati toq bo'lib, o'zi va farzandlari uchun imkoniyatlarning yo'qligidan g'azablanib, ko'chaga chiqishga majbur bo'ladi", - deydi Denber.

Prezident Karimov arab dunyosidagi jarayonlarni 2005-yil Andijon voqealariga qiyoslab, unda ham tashqi kuchlar aralashgan, deydi.

2005-yil 13-mayida Andijondagi namoyishda ishtirok etgan, so'ng hukumat kuchlari o'qidan qochib, mamlakatni tark etgan Yusuf Sobirovning aytishicha, Andijonda ham, arab davlatlarida ham xalq harakati kuzatilyapti.

Andijonda odamlarni namoyish qilishga hech kim majburlamagan. Ular haq-huquqlarini, adolatni talab qilib chiqqan, deydi hozirda AQShda yashovchi Yusuf Sobirov.

Vashingtondagi Jahon siyosati instituti professori Pol Goblning aytishicha, prezident Karimov barcha aybni tashqi kuchlarga to'nkab, insonning ozodlikka bo'lgan tabiiy intilishini inobatga olmayapti.

"Avtoritar davlatlar o'z fuqarolarini qancha uzoq tazyiqqa olmasin, xalq hokimiyat va taqdirini o'z qo'liga olish umididan aslo voz kechmaydi. Insonlarning bu intilishini, bu umidlarini inkor etish dunyodagi bugungi voqelikka ko'z yumish demakdir", - deydi olim.

Pol Goblning aytishicha, erkinlik shabadasi dunyo bo'ylab tarqalmoqda. Uni to'sishga harakat qilganlar boshiga shu kungacha xalq qahriga uchragan barcha hukmdorlar taqdiri tushishini unutmasligi lozim.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG