Mirziyoyev xorijdagi o'zbekistonliklar vatanga qaytishini xohlaydi


Prezident Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda Qoraqalpog`istonga qilgan safari davomida xorijdagi fuqarolar, ya'ni mehnat muhojirlarini kreditlar va ish o`rinlari evaziga ortga qaytarmoqchi ekanligini aytgan. Prezidentga ko`ra, chet eldagi o`zbekistonliklarni qaytarish uchun vatanda imkoniyatlar yaratilishi kerak, odamlarni iqtisodiy o`zgarishlar bo`layotganiga ishontirish kerak.

Mirziyoyev prezident sifatida ilk safarini Qoraqalpog`istondan boshladi. U ikki kun mobaynida muxtoriyatdagi bir nechta tumanlarda bo`lib, maktab, shifoxona, masjid va boshqa obyektlarni ko'zdan kechirdi va jamoatchilik bilan uchrashdi.

Qoraqalpog`istonda hukumat yig`ilishini o`tkazgan prezident mavjud vaziyatni o`ta qoniqarsiz baholadi.

Iqtisodiy islohotlar haqida gapirgan davlat rahbari 2017-yil bu o`zgarishlarni amalga oshirish uchun “hayot-mamot yili” bo`lishini, dunyoqarashni o`zgartirish lozimligini, shaxsan uning o`zi buni o`z atrofidagi amaldorlardan boshlayotganini e`tirof etdi.

Prezidentning aytishicha, ayni paytda mamlakatdan tashqarida bo`lgan o`zbekistonliklarni ortga qaytarish kerak. Bu esa odamlarga imkoniyatlar yaratib berish, o`zgarishlarga nisbatan ishonch uyg`otishni talab etadi.

“Avvalambor, o`zimning atrofimdagi odamlarning dunyoqarashini o`zgartirishim kerak, endi zamon bizni ko`tarmaydi. Meni hech kim aldolmaydi. Men Bosh vazirning hamma o`rinbosarlari nimalar qilib yurganini yaxshi bilaman. Hayot-mamotimiz hal bo`layapti. Ertaga odamlarimiz qaytib kelishi kerak. Chet elda yuribdi odamlarimiz, kelishi kerak, ishonsa agar... Menga kreditlar berayapti, desa keladi hammasi”, - deb ta`kidlagan Mirziyoyev iqtisodiy sohada belgilangan choralar nazoratini bosh vazir o'rinbosari Rustam Azimovga yukladi.

O`zbekistonlik mehnat muhojirlarining aksariyat qismi Rossiyada. So`nggi yillarda sanksiyalarga tortilgan Rossiya iqtisodiyotida cho`kish kuzatilishi ortidan mehnat muhojirlari soni ham, ularning vatanga jo`natayotgan mablag`lari miqdori ham ancha kamaygan.

Rossiya markaziy banki 2016-yilning so`nggi choragida O`zbekistonga jo`natilgan mablag` miqdorini bir milliard dollarga yaqin ko`rsatgan. O`zbekistonda muhojirlardan tushayotgan mablag` miqdori haqida rasmiy ma`lumotlar yo`q, bu ko`rsatkich ahamiyatli ko`rilmaydi.

Mirziyoyevning tashqaridagi o`zbekistonliklar haqida eslayotgani mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan mehnat muhojirlari muammosi tilga olingan dastlabki bayonot. Marhum prezident Islom Karimov davrida hukumat millionlab mehnat muhojirlari oqimi mavjudligini inkor etib keldi. Uning mehnat muhojirlarini “dangasalar”ga o`xshatishi esa norozilik bilan kutib olingan edi.

Ich topish maqsadida xorijiy davlatlarga chiqib ketgan o`zbekistonliklar soni aniq emas, ammo bu raqam bir necha million kishini tashkil etishi taxmin qilinadi. Bir paytlar Rossiyaning o`zida 4-5 million atrofidagi o`zbekistonlik muhojirlar borligi ta`kidlab kelinar edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG