Mirziyoyev ilk bor BMT Bosh assambleyasida nutq so'zlaydi


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston chorak asrdan so‘ng ilk bor BMT minbaridan dunyo hamjamiyatiga yangi prezident Shavkat Mirziyoyev qiyofasida taqdim etilmoqda. Bu xalqaro hamjamiyatga yangilanayotgan O‘zbekistonni tanishtirish uchun qulay imkoniyat sifatida ko‘rilmoqda.

O‘zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solihga ko‘ra, Prezident Mirziyoyev bu imkoniyatdan samarali foydalanishi kerak. AQShga yo‘l olgan O'zbekiston rahbarining BMT Bosh assambleyasi sessiyasida ma’ruza qilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, Prezident Mirziyoyev 18- 20-sentabr kunlari bo'lib o'tadigan AQSh safari davomida BMT Bosh assambleyasi majlisida nutq so‘zlaydi.

Prezident AQShda BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish, Xalqaro valyuta jamg‘armasi direktori Kristian Lagard, Jahon banki guruhi prezidenti Jim Yon Kim bilan muzokaralar o‘tkazadi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning Amerika-O‘zbekiston biznes forumida qatnashishi, forum yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va AQSh korxonalari o‘rtasida yirik shartnomalar imzolanishi kutilayotgani xabar qilinmoqda.

O‘tgan yil prezidentlikka kelgan Shavkat Mirziyoyev ilk bor BMT Bosh assambleyasi majlisida qatnashmoqda; chorak asr davomida O‘zbekistonni bu minbardan marhum prezident Islom Karimov taqdim etib kelgan.

BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston birinchi marta dunyo hamjamiyatiga yangi rahbar Shavkat Mirziyoyev qiyofasida taqdim etiladi. Aynan shuning uchun ham Shavkat Mirziyoyevning xalqaro hamjamiyatga qaratilgan ilk chiqishi, nimalar haqida gapirishi muhim ko‘rilmoqda.

O‘zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solihning aytishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev dunyo hamjamiyatiga yangilanayotgan O‘zbekistonni taqdim etish imkoniyatidan samarali foydalanishi kerak.

“Hozir dunyoda Mirziyoyev olib borayotgan siyosatga nisbatan qiziqish bor. Ayniqsa, Karimov davridagi 27 yillik repressiv siyosat, 27 yillik turg‘unlikdan keyin Mirziyoyev qilayotgan ishlar, jarayon umidli ko‘rinmoqda. G‘arb davlatlari ham O‘zbekistonga aynan shunday umid ostida qiziqish bilan qaramoqda, bu e’tibor kun sayin oshib boryapti. Mirziyoyevning BMTdagi chiqishi shu qiziqishni oziqlantiradigan g‘oya bilan shakllantirilsa, dunyo davlatlarining O‘zbekistonga, shuningdek, prezident Mirziyoyev shaxsiga nisbatan qiziqishi yanada kuchayadi. Bu esa o‘zbek xalqi uchun ham yaxshi bo‘ladi. Men o‘ylaymanki, Mirziyoyevning aqli bunga yetadi, shunga yarasha chiqish qiladi; faqat va’da berib, keyin unutiladigan shaklda emas”, - deydi Muhammad Solih.

Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridan qiladigan ma’ruzasi tafsilotlari aniq emas, ammo O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilgan islohotlar, rejadagi istiqbollar, tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlar haqida, shuningdek, mintaqadagi ekologik vaziyat, suvdan foydalanish masalasiga ham to‘xtab o`tishi mumkin.

“Bu Mirziyoyevning BMTga birinchi tashrifi, birinchi chiqishi. Shunga yarasha, albatta, tayyorgarlik ko‘rgan. Hozir O‘zbekistonning yangi rahbarini siyosati haqida ko‘p gapirilmoqda, turli fikrlar bildirilmoqda, umumiyatla, musbat taassurot. Albatta, bundan ilhomlangan Mirziyoyev nimalar haqida gapiradi, buni hali ko‘ramiz. Ammo hozirgacha bo‘lgan o‘zgarishlar biz kutgan darajada bo‘lmasa-da, umidlar yo‘qolmagan, Mirziyoyevning chiqishi shu umidlarni inobatga oladi, deb yana umid qilyapmiz. Albatta, Mirziyoyev hozirgacha qilgan ishlari haqida qisqa hisobot berishi ham mumkin, lekin bu nafaqat mening fikrim, boshqa siyosatchilarning qarashiga ko‘ra ham, O‘zbekistonda hali siyosiy islohotlar boshlanmadi”, - deydi Muhammad Solih.

Prezidentning AQShga safari nafaqat siyosiy ahamiyatga molik, balki Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki rahbarlari bilan kutilayotgan muzokaralar, AQSh-O‘zbekiston tadbirkorlarining biznes forumidagi ishtiroki nazarga olinsa, Mirziyoyev yirik moliyaviy shartnomalarni ham rejalayotgani ehtimoli yuqori.

“Bu tashrif siyosiy tashrif. Albatta, buning iqtisodiy tomonlari ham bor. Ammo G‘arbning iqtisodiyotini jalb etish uchun nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy islohotlar muhim. G‘arb o‘z tarixidan, tajribasidan iqtisodiy imkoniyatlar siyosiy islohotlarsiz ishlamasligini juda yaxshi biladi. Shuning uchun ham G‘arb parallel ravishda olib borilgan islohotlargagina iqtisodiy yotirimlar kiritadi. Buni O‘zbekiston rahbariyati yaxshi tushunishi kerak, mana iqtisodiy islohotlar qilyapmiz, eshiklarni ochyapmiz, tadbirkorlarga imkoniyat beryapmiz degan gaplar, siyosiy platformadagi islohotlar bilan dastaklanmasa, bunga ishonadiganlar kam topiladi”, - deydi Muhammad Solih.

Mirziyoyev safari davomida AQShdagi o‘zbek jamoatchiligi vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazishi rejalangan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG