Breaking News

Mirziyoyev va Nazarboyev Toshkentda 10 dan ortiq hujjatlar imzoladi


Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon eng ko'p Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan uchrashgan. Ikki prezident 16-17 sentabr kunlari Toshkentda muzokaralar o'tkazdi. Ayni paytda ular Turkmanistonda Osiyo o'yinlari ochilish marosimida mehmon.

Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgan Nursulton Nazarboyevni shaxsan o'zi aeroportda kutib oldi va tashrif yakunidan so'ng kuzatib qo'ydi.

Prezidentlar O'zbekiston va Qozog'iston munosabatlarida yangi davr boshlangani, aloqalarda avval kuzatilmagan ko'rsatkichlar qayd etilayotgani haqida gapirishmoqda. Toshkentda "El-yurt hurmati" ordeni bilan taqdirlangan Nazarboyev hamkorlikning yangi bosqichi boshlanganini ta’kidladi.

Tashrif davomida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 10 dan ortiq hujjatlar, shuningdek, qo'shma bayonot imzolandi.

Qozog'iston prezidenti Mustaqillik maydonida bo'lgan, Toshkentda marhum Prezident Islom Karimovga qo'yilgan yodgorlik poyiga gul qo'ygan, shayx Xovandi Tohur va To'labiy maqbarasini ziyorat qilgan.

Mirziyoyev va Nazarboyev Toshkentda tashkil qilingan Qozog'iston milliy mahsulotlari ko'rgazmasida ishtirok etishgan.

Rasmiy muzokaralar Ko'ksaroy qarorgohida bo'lib o'tgan. Munosabatlarda tarixiy natijalar qayd etilayotgani ta’kidlangan, xalqaro va mintaqaviy jarayonlar, xavfsizlik masalalari muhokama qilingan.

Nazarboyevning davlat tashrifi 17-sentabr kuni yakunlangan, Shavkat Mirziyoyev mehmonni shaxsan o'zi aeroportdan kuzatib qo'ygan. Tashrif yakuniga doir bayonotlarda tomonlar hamkorlikda tarixiy burilish bo'layotgani, munosabatlarda avval kuzatilmagan ko'rsatkichlar qayd etilayotganiga diqqat qaratishadi.

Sharhlovchilar Markaziy Osiyodagi vaziyat rivojini ko'p tomondan Toshkent va Ostona o'rtasidagi aloqalarga bog'lashadi. O'zbekiston va Qozog'iston mintaqa gegemonligi uchun shafqatsiz raqobatdaligi haqidagi qarashlar bugun Markaziy Osiyoning ikki yirik davlati o'rtasida ishonchli, strategik munosabatlar o'rnatilayotgani, integratsiya rivoji uchun hamkorlik boshlanayotgani haqidagi qarashlar bilan o'zgargan.

Toshkentdagi muzokaralar prezidentlarning o'zaro oltinchi uchrashuvi. Diqqatlisi, bu uchrashuvlarning aksariyati ikki tomonlama tashriflar doirasida amalga oshgan. Bunday ko'rsatkichlar 25 yillik aloqalar tarixida kuzatilmagan.

Mintaqa rahbarlarining oliy toifadagi uchrashuvlari ko'payishi Markaziy Osiyoda, o'zaro tarang bo'lib kelgan munosabatlarda o'zgarishlar boshlagan. Ayniqsa, Mirziyoyevning yaqinda yana bir tarixiy burilish sifatida qayd etilgan Qirg'izistonga davlat tashrifi qo'shni xalqlar o'rtasida bordi-keldining, qardoshlik aloqalarining tiklanishiga umid uyg'otdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG