Breaking News

Afg’onistonda turkiy xalqlar tili, tarixi, madaniyati va federatsiya istiqboli


Gamburg shahrida kuni-kecha Afg’oniston turkiylari madaniy federatsiyasi yig’in o’tkazdi
Gamburg shahrida kuni-kecha Afg’oniston turkiylari madaniy federatsiyasi yig’in o’tkazdi

AQSh yetakchi xalqaro kuchlar Afg’onistonda jang qilar ekan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikka e’tibor oshgan. G’arb diplomatlarining mintaqaga bot-bot safari bejiz emas.

Kelasi oylar Turkiya va Germaniyada o’tadigan xalqaro anjumanlarda ham Afg’oniston tinchi va Markaziy Osiyo ahamiyati kun tartibidagi mavzulardan bo’ladi.

Gamburg shahrida Afg’oniston turkiylari madaniy federatsiyasi yig’in o’tkazdi.

Muhokama, asosan, turkiylar tarixi, madaniyati va tilini saqlash, siyosiy faollikni oshirish haqida bo’ldi. Ishtirokchilar nazarida har ikkisi chambarchas bog’liq. Madaniyati, tarixi va tilini bilgan insonning siyosiy ongi ham ravon, deydi ular.


“Afg’oniston turkiylarining uyg’onishi uchun kurashamiz”, - deydi Afg’oniston turkiylari madaniy federatsiyasi raisi Akbar Faryobiy.

Afg’oniston turkiylari madaniy federatsiyasi raisi Akbar Faryobiy
Afg’oniston turkiylari madaniy federatsiyasi raisi Akbar Faryobiy

Federatsiya hozirda, asosan, o’zbeklardan iborat. Uch yil avval ish boshlagan guruhga turkman, qozoq, qirg’iz, tatar, qizilbosh va hazoralar ham jalb etilmoqda.

“Afg’oniston tarixida o’z o’rnimiz bor. Madaniyat, til va siyosatda iz qoldirganmiz”, - deydi bu xalqlar vakillari. Biroq, deydi ular, so’nggi yuz yillikda turkiylar siyosiy maydon, ijtimoiy-madaniy jabhadan chetlatilgan. “Bu davr ichida til, madaniyat va tarixni unutib ulgurdik”, - deydi ular.

“Turkiylar Afg’onistonning uzviy bir bo’lagi, muhojir yoki kelgindi emas. Ajdodlarimiz ming yillar avval Afg’onistonni qurib kelgan. Endilikda ham madaniy, siyosiy, iqtisodiy jabhada boshqalar bilan barobar bo’laylik deymiz. Biz pushtu inilarimiz, tojik inilarimizdan ortiqroq narsani istayotganimiz yo’q. Hazora og’alarimizni hech qachon uzoq tutmaymiz”, - deydi Akbar Faryobiy.

Afg’onistonda turkiy xalqlar tili, tarixi, madaniyati va federatsiya istiqboli
Afg’onistonda turkiy xalqlar tili, tarixi, madaniyati va federatsiya istiqboli

Federatsiya a’zolaridan biri Abdul G’ofur Faryobiy sobiq qo’mondonlardan biri, yuqori lavozimlarda ishlagan. “Ona tilimda o’qish va yozishni bilmayman”, - deydi u.

“Men oliy ta’lim oldim, akademik yo’nalishlarda o’qidim, lekin turkiy tilda yozuv-chizuvni, o’qishni bilmayman. Shuning uchun ham turkiylar madaniyati, tilini tiklab, haq-huquq talab qilayapmiz. O’zimizdan hokimlar chiqsa. Kadrlarimiz bor. Nega o’z millatini ochiq aytishga qo’rqadi ba’zilar?” - deydi Abdul G’ofur Faryobiy.

Federatsiya Afg’oniston turkiylar uchun ham vatan ekanini ta’kidlaydi.

“Hamma barobar. Bir-birimizni qabul qilmog’imiz darkor. Bizning sharoitimizni boshqalar qabul qilsin, biz ham ularga ehtirom ko’rsataylik. Biz avtonomiya emas, federatsiya tarafdorimiz”, - deydi Akbar Faryobiy.

Afg’oniston janub, sharq, shimoli-g’arb va shimoli-sharqqa bo’linadi. Qaysidir qismida, asosan, pushtular, boshqasida tojiklar, yana birida o’zbeklar, xazora va boshqa turkiy elatlar yashaydi.

Afg’onistonda turkiy xalqlar tili, tarixi, madaniyati va federatsiya istiqboli
Afg’onistonda turkiy xalqlar tili, tarixi, madaniyati va federatsiya istiqboli

Hududlarning Hamid Karzay ma’muriyatiga deyarli bo’ysunmasligi sir emas.

Federatsiya tuzishdan maqsad esa Afg’onistonni taqsimlash, deylik, pushtular alohida, turkiylar alohida va hokazo. Toki, deydi taklif mualliflari, biror elat boshqasidan ustun turmasin va har biri o’zini alohida boshqarsin.

Turkiylar federatsiyasi a’zolari, asosan, Amerika va Yevropada yashaydi.

Ular Afg’onistonga safar qilib, turkiy aholi bilan ko’rishib turadi. Hozirgacha Afg’onistonda va chetda federatsiyaning o’nlab bo’limlari ochilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG