Breaking News

Moskvadagi anjumanda nimalar haqida gap bordi?


Britaniyada sobiq rus josusi zaharlanishi ketidan, Rossiya va G'arb o'rtasida munosabatlar yanada sovuqlashib ketdi. Sergey Skripal va qizini o'ldirish uchun, deydi britaniyalik tergovchilar, "novichok" nomli kimyoviy modda qo'llangan.

Skripal hamon hushsiz, qizi Yuliya esa o'ziga kelgan. O'nlab davlatlar jinoyat ortida Rossiya turganini aytib, rus diplomatlarini haydab yubordi.

Rossiya buni yangi sovuq urush deya ta'riflab, o'zini har qanday yo'llar bilan himoya qilishini bildirmoqda.

Ota va qiz zaharlanishidan bir oy o'tib ham Britaniyaning Solsberi shahrida tergov va ekspertiza davom etmoqda. Moskvada o'tgan xavfsizlik anjumanida bu voqea tilga olindi.

"Skripal ishini bahona qilib, diplomatlarimizni katta sonda asossiz ravishda haydashdi", - deya shikoyat qildi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

Moskva hatto bu ishni Britaniyaning o'zi sahnalashtirgan, deya da'vo qilmoqda. Azaliy ginalar yana qalqib chiqar ekan, Rossiya yangi sovuq urush haqida ogohlantiryapti.

"Rossiya o'z ixtiyoridagi jamiki vositalarni ishga solib, o'z manfaatlari, suvereniteti va mustaqilligini samarali himoya qiladi", - deydi Lavrov.

Rossiya o'z harbiy salohiyatini Suriyada namoyish etib kelmoqda. Huquq faollari Rossiya va Suriya harbiylarini aholini ayovsiz bombardimon qilishda ayblaydi. Moskvadagi anjumanda general Sergey Rudskoy rus qo'shinlari janglarda hal qiluvchi rol o'ynaganini ta'kidladi.

"Suriyadagi amaliyotlarimiz natijasida "Islomiy davlat" guruhi mag'lub bo'ldi. Bu to'da yo'q bo'lish arafasida", - deydi u.

Eronga ko'ra esa IShID hamon tahdid kuchiga ega.

"Islomiy respublika mudofaa salohiyatini kuchaytirishga, o'zini himoya qilish uchun raketalar ishlab chiqarishga to'la haqli", - deydi Mudofaa vaziri Amir Hotamiy.

Prezident Donald Tramp Eronning raketa dasturini 2015-yilda imzolangan yadroviy kelishuvga zid deb biladi va bu davlatga qarshi sanksiyalarni tiklash haqida ogohlantiran.

Konferensiyada Rossiya va Xitoy AQShni global diplomatiyada o'zboshimcha, bir tomonlama qarorlar qarorlar qiladigan davlat deya qoraladi.

Davlatlar o'z pozitsiyasida qat'iy turib olgan, deydi tahlilchi Endryu Foksol.

"Dunyodagi eng dolzarb masalalarning aksariyatini faqatgina Rossiya hamkorligida va yordami bilan yechish mumkin. Lekin unga ishonch yo'q. Uni tiklash uchun Kreml biror masalada - xoh Britaniyadagi voqea, xoh Ukraina yoki Suriya - xayrixohlik ko'rsatishi kerak", - deydi Foksol.

Hozircha bunday qadamlar tashlanayotgani yo'q. Kuzatuvchilar nazarida, vaziyat sovuq urush davridadagidan ham keskinroq nuqtaga yetmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG