Breaking News

Musulni "Islomiy davlat"dan ozod qilish amaliyoti boshlandi


Iroq maxsus kuchlari shaharni jangarilardan tozalashga shay, Irbil, 15-oktabr, 2016
Iroq maxsus kuchlari shaharni jangarilardan tozalashga shay, Irbil, 15-oktabr, 2016

Iroqning Musul shahrini "Islomiy davlat"dan ozod etishga qaratilgan amaliyot boshlandi. Hozircha jangarilar pozitsiyalari havodan va artilleriya yordamida nishonga olinmoqda, yaqin kunlarda qo'shinlar jangga o'tishi kutilmoqda.

Iroq harbiy samolyotlari shahar uzra minglab varaqalar tashlab, aholini hujum haqida ogohlantirgan. To'rt betli varaqada shahar qora kuchlardan ozod etilishi aytiladi, aholiga vahimaga tushmaslik, Daish joylashgan hududga yaqinlashmaslik, eshik va oynalarni mahkam yopib, uyda o'tirish tavsiya etiladi.

Shuningdek, odamlardan jangarilarning harakatlari haqida ma'lumot berish so'ralgan, buning uchun varaqada maxsus telefon raqami bitilgan.

Artilleriya va havo hujumlarida Qo'shma Shtatlar ham ishtirok etmoqda. Hujumga tayyorgarlik doirasida bir necha oy oldin Musuldan bir necha kilometr narida ta'minot markazi qurilgan.

Musulni ozod etish operatsiyasida Turkiya ham qatnashmoqchi, biroq Iroq Bosh vaziri Haydar Abadiy bunga qarshi. Abadiy qo'shni davlatdan Musuldan 20 kilometr naridagi bazadan sunniy jangchilarni tayyorgarlikdan o'tkazayotgan 2000 askarini olib chiqishni talab qilmoqda, ammo Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an shahar sunniylar qo'lida qolishi kerak, deya shia qurolli bo'linmalarini shaharga kirmaslikka chaqirib ogohlantirmoqda.

BMTning Qochqinlar bo'yicha oliy komissariatining ogohlantirishicha, Musul uchun janglar oqibatida bir milliondan oshiq odam shaharni tark etishi mumkin. Shu kunga qadar 50 ming odam uchun olti lager qurilgan, yana 11 tasini o'rnatish rejada.

Telefon yoki Skype orqali ma'lumot ulashgan musulliklarning ma'lum qilishicha, jangarilarning aksariyati qo'shni Anbar viloyatidagi janglarda qatnashgan; Musul ichi va atrofidagi katta yo'l va ko'priklar to'silgan, hududlar minalashtirilgan.

Harbiy samolyotlar nishonlarni topa olmasligi uchun jangarilar shinalar yoqmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG