"Pyu" tadqiqot markaziga ko’ra, AQSh bo’ylab 3,5 million musulmon yashaydi. 2040-yilga borib ikkinchi eng yirik diniy jamoaga aylanishi kutilmoqda. Illinoys shtatidagi mahalliy televideniyelardan birida musulmon ayol hijobda yangiliklar dasturini olib boradi.
Illinoys va Ayova shtati aholisi zangori ekranida kutilmagan yangi chehra - hijobda yangilik uzatayotgan muxbir.
“Teledasturlarni tayyorlash qiziqarli jarayon. Odamlarning o’zi aytayotgan gaplardan hikoya yaratish mumkin”, - deydi Tohira Rahmon.
Tohira kamera oldiga ilk bor chiqishi. Ko’rinishi o’ziga xos.
“Men uchun bu tabiiy ko'rinish. Onamning izidan yurayapman”, - deydi u.
Tohira Qo'shma Shtatlarda hijobda ekranga chiqayotgan birinichi jurnalist.
“Hijobda bo’lmagan qarindoshlarim ko’p. Onam, bir-ikki amma-xolalarim o’rangan. Bizga o’ranish ixtiyoriy deya singdirilgan. Men o’zim xohlab, tushunib, oila an’analarini davom ettiryapman”, - deydi u.
Tohira Chikago shahri yaqinida tug’ilgan, ota-onasi Hindiston va Pokistondan. Televideniyega ishga kirishiga uning dini yoki etnik kelib chiqishi emas, uning iste’dodi, mehnatlari sabab.
Telekanal direktori Mayk Mikl Tohiraning ekranga hijobda chiqishiga hech e’tirozi bo’lmagan.
“U ro’molda chiqayotgan birinchi jurnalist. Ammo 30-300-3000 bo’lganida ham ahamiyati bo'lmasdi. Biz uni diktorlikka munosib ko’rganimiz uchun ishga oldik”, - deydi Mikl.
Tohiraning debyut chiqishi mahalliy musulmonni hayratga soldi.
Muhammad Zayin shtatdagi musulmonlar jamiyati raisi. Tohira Rahmonga bu imkoniyatning berilishini musulmonlar uchun katta burilish deb biladi.
“Yangiliklarni hijobda uzatilayotganini ko’rish yoshlarimiz uchun muhim, ularni ruhlantiradi".
Telekanalga nafratga to'la xatlar ham keldi.
“Iblisning diniga ergashyapsan, undan voz kechishing kerak degan xatlar oldim”, - deydi Tohira.
Mayk Mikl esa tomoshabinlardan ko'proq ijobiy izohlar kelayotganini aytadi. Tohira Rahmonga ommaviy axborot vositalari tomonidan qiziqish katta.
“Tohiradan ko'plab intervyular, suhbatlar so'rashyapti. Lekin ishini ham vaqtida bajarishi kerak”, - deydi kanal rahbari.
“Muhim voqea bu, albatta. Lekin men uchun hech narsa o’zgargani yo’q. Maqsadimga erishdim deb harakatdan to’xtamayman”, - deydi Tohira Rahmon.
Uning media sohasidagi orzu-rejalari katta. Boshqa ayollarga ham shunday imkoniyatlar nasib etishidan umidvor.
Facebook Forum