Breaking News

Musulmon ishchilar "Ariens"kompaniyasi ustidan shikoyat qildi


Viskonsin shtatidagi "Ariens" kompaniyasi 15 musulmon ishchisini diniy sabablarga ko'ra ishdan haydaganlikda ayblanmoqda. AQShning Teng ish bilan ta'minlash imkoniyati komissiyasiga shu haqda shikoyat tushgan.

Bu so'nggi 10 yilda agentlik qabul qilib olgan 68 ta ana shunday shikoyatlardan biri.

2006-yildan beri Amerikada musulmonlarga nisbatan ish joylarida ayirmachilik kuchaygani haqida xavotirlar bor. Diniy sabablarga ko'ra kamsitish holatlari "McDonalds", "Merrill Lynch", "Rite-Aid Pharmacy", "UPS" va "Walmart" kabi yirik kompaniyalarda ham kuzatilgani aytiladi.

Dinlararo anglashuv Tanenbaum markazi o'tkazgan so'rovga ko'ra, 2004-yildan 2014-yilgacha diniy diskriminatsiyaga oid shikoyatlar soni 87 foiz o'sgan.

"Musulmonlarga nisbatan ish joylaridagi ayirmachilikni jamiyatda bu e'tiqod vakillariga qarshi mavjud bir yoqlama qarashning aksi deyish mumkin", - deydi Musulmon Jamoatchilik bilan aloqalar kengashi so'zlovchisi Robiya Ahmad.

Bu turdagi kamsitishlarga oid shikoyatlarni o'rganuvchi AQSh agentligiga tushgan so'nggi murojaatga ko'ra, "Ariens" kompaniyasi 15 musulmon xodimini ishdan haydagan. Ishchilar ibodat qilish uchun tanaffus so'ragani va rahbariyat bu talabni qondirmasdan, so'ng ularni ishdan bo'shatgani aytiladi.

Shikoyatchilarga ko'ra, kompaniya 1964-yilgi Fuqarolik huquqlari qonunida ta'minlangan huquqlarni poymol qilgan. Qonunga ko'ra, ish beruvchilar xodimlarni dini, jinsi, irqi, rangi va milliy kelib chiqishiga qarab ajratmasligi kerak.

"Ariens" dastlab ayrim ishchilariga ibodat uchun tanaffus bergan, ammo yanvar oyidan boshlab kun bo'yi faqat ikki marta, 10 minutdan vaqt berilishini aytgan. Musulmonlar bir kunda besh vaqt namoz o'qishi kerak.

"Muammo shundaki, "Ariens" diniy ibodatlar uchun sharoit yaratib berish masalasini muhokama qilishni mutlaqo istamaydi", - deydi Musulmon Jamoatchilik bilan aloqalar kengashi huquqshunosi Maha Sayid.

Kompaniya rasmiylarining aytishicha, ayni paytda korxonada 27 musulmon ishchi bor va ibodat uchun sharoit yaratib berilgan.

AQShda musulmonlar soni oshib bormoqda. Pyu tadqiqotlar markazi ma'lumotiga ko'ra, ayni paytda mamlakatda 3,3 million musulmon yashaydi. Ular jami aholining bir foizini tashkil etadi.

2050-yilgacha islom diniga e'tiqod qiluvchi amerikaliklar soni 8,1 millonga yetib, aholining 2,1 foizini tashkil qilishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG