Breaking News

Xalqaro hamjamiyat Myanmada davlat to'ntarishini qoralamoqda


Myanmada hokimiyatni qo'lga olgan general, Qurolli kuchlar qo'mondoni Min Aun Xlayn
Myanmada hokimiyatni qo'lga olgan general, Qurolli kuchlar qo'mondoni Min Aun Xlayn

Xalqaro hamjamiyat Myanmada harbiylar tomonidan amalga oshirilgan davlat to’ntarishini qoralamoqda. Harbiy rahbarlar noyabrda bo’lib o’tgan saylov natijalarini tan olishdan bosh tortarkan, ovozlar ommaviy ravishda soxtalashtirilganini da’vo qilmoqda.

Xalqaro hayot – 2-fevral, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:08 0:00

Saylovda g’alaba qozongan “Demokratiya uchun milliy liga” partiyasi isyongacha mamlakatni boshqarib kelgan partiya sardori Au San Su Chini hibsdan ozod etishga chaqirmoqda.

Myanmada bir yilga harbiy holat joriy etilgan. Vaziyatdan norozi Qo’shma Shtatlar bu mamlakatga sanksiya qo’yishi mumkin.

“AQSh Myanmaning demokratiya bobidagi yutuqlarini hisobga olib, bir necha yil oldin sanksiyalarni olib tashlagan edi. Biroq bu yutuqlarning yo’qqa chiqarilayotgani sanksiyalar haqidagi qonunlarimizning zudlik bilan qayta ko’rilishini taqozo etmoqda”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Jennifer Psaki.

Myanmaga katta sarmoya kiritgan va Myanma harbiylari bilan yaqin aloqaga ega Xitoy davlat to’ntarishini qoralamadi, shunchaki taraflarni muloqotga chaqirdi. Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi ASEAN ham kelishib, mamlakatdagi vaziyatni normal holatga qaytarishga da’vat etmoqda.

Osiyo bilan shug’ullanuvchi ayrim tahlilchilar nazarida, Myanmadagi vaziyat AQShda prezidentlikka kirishgan Bayden uchun sinov bo’ladi.

“Bayden ma’muriyati demokratiyaga urg’u bergan holda, tashqi siyosat markaziga qadriyatlar va demokratiyani qaytarib, Osiyodagi siyosatini belgilashi kerak bo’ladi. Ammo shu bilan birga, Oq uy Myanmaga ta’siri o’ta cheklangan ekanini ham hisobga olishi zarur”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Gregori Poling.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning aytishicha, Myanmada siyosiy rahbarlarning hibsga olinishi mamlakatdagi demokratik islohotlarga jiddiy zarba bo’ldi. Guterrish harbiylarni saylov natijalarini tan olishga chaqirdi.

“Bosh kotibning ta’kidlashicha, 2020-yil noyabridagi saylov natijalari Myanma xalqi xohishini aniq ifoda etgan holda qiyinchiliklar bilan erishilgan demokratik islohotlarni davom ettirish uchun “Demokratiya uchun milliy liga”ga kuchli vakolat berdi”, - dedi BMT matbuot kotibi Stefan Dujarrich.

Liga o’z rahbari Au San Su Chining ozod etilishini hamda saylov natijalarining tan olinishini talab qilmoqda.

BMTning Myanma bo’yicha maxsus vakili Tom Endryusning aytishicha, generallar demokratiyaga bolta urdi. Yevropa Ittifoqi rahbarlari, Britaniya bosh vaziri ham davlat to’ntarishini qoraladi.

Myanmada hokimiyatni qo’lga olgan harbiy xunta rahbari, Qurolli kuchlar qo'mondoni Min Aun Xlayn harbiylar tuzgan yangi hukumat vakillari bilan uchrashdi. General yangi saylov erkin va halol o'tkazilishini aytarkan, hokimiyat g'olib tarafga topshirilishiga va'da berdi, ammo saylov qachon o'tkazilishi hozircha noma'lum.

Yangi parlamentning 400 ga yaqin deputati ayni paytda uy qamog'ida, ularni askarlar qo'riqlamoqda. Qonunchilar kecha ilk bor to'planishi kerak edi, biroq davlat to'ntarishi bu rejaga halal berdi.

Poytaxt Neypido va moliya markazi hisoblangan Rangun ko’chalari hozir huvillagan. Telefon va internet aloqasi tiklangan, banklar o’z eshiklarini qayta ochdi, biroq yirik bozorlar va aeroport kechadan beri yopiq.

2017-yildagi harbiy amaliyot natijasida Myanmadan qo’shni Bangladeshga qochishga majbur bo’lgan roxinjaliklar davlat to’ntarishidan keyin o’z uylariga qaytishga qo’rqib qolganini aytmoqda. Ayni damda Bangladeshdagi lagerlarda bir milliondan ziyod roxinjalik musulmon yashaydi. Ular jinsiy zo’rlik va qirg’indan qochgan, qishloqlari yonib kul bo’lgan.

BMT qochqinlarning bir qismini Myanmaga repatriatsiya qilishga harakat qildi, ammo hukumat ularning xavfsizligini ta’minlashga va fuqarolik olishiga kafolat bermagach, roxinjaliklar uylariga qaytishdan bosh tortdi.

So’nggi voqealardan keyin esa qochqinlar qaytishga yanada qo’rqib qolgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG