Breaking News

NATO rahbarlari 2014 yilda Afg’onistonni tark etish rejasini ma’qulladi


NATO rahbarlari 2014 yilda Afg’onistonni tark etish rejasini ma’qulladi
NATO rahbarlari 2014 yilda Afg’onistonni tark etish rejasini ma’qulladi

NATO, Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkilotiga a’zo 28 davlat rahbari Portugaliya poytaxti Lissabonda Afg’oniston kelajagini muhokama qilmoqda.

Harbiy ittifoq kelasi yildan boshlab askarlarini bu o’lkadan olib chiqa boshlashi kerak. 2014 yilning so’nggida esa xavfsizlik butunlay afg’on xavfsizlik kuchlari zimmasiga o’tishi kutilyapti.

Mazkur reja bugun, anjumanning ikkinchi kunida ma’qullangan. Biroq AQSh rasmiylarining qayd etishicha, prezident Barak Obama ushbu sanani rasman yoqlaganicha yo’q.

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay yondashuv samara berishiga ishonch bildirmoqda. NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen kelasi yildan boshlab uni amalga oshira boshlaymiz, deydi.

Muhim jihati shuki, xalqaro koalitsiya o’lkani butunlay tark etmaydi. NATO zobitlari afg’on armiyasi malakasini oshirish hamda gumanitar yordam oqimini ta’minlab turish uchun javobgar.

NATO rahbarlari 2014 yilda Afg’onistonni tark etish rejasini ma’qulladi
NATO rahbarlari 2014 yilda Afg’onistonni tark etish rejasini ma’qulladi

“Dushman payt poylab, koalitsiya mamlakatni tark etgach nazoratni qo’lga olamiz, deb o’ylasa xato qiladi. Missiyani oxiriga yetkazamiz”, - deydi Anders Fog Rasmussen.

NATO-Rossiya hamkorligi Lissabondagi sammitda alohida o’rin tutadi. Harbiy ittifoq Sovuq Urush davridagi g’anim davlat bilan munosabatlarni yaxshilashga bel bog’lab, Rossiyani Yevropa mudofaa sistemasiga qo’shilishga undamoqda.

Rossiya va AQSh rahbarlari Lissabon anjumanida yuzma-yuz uchrashmaydi, biroq Dmitriy Medvedev NATO-Rossiya kengashi, 2008 yili Gruziya bilan urushdan so’ng tuzilgan qo’mita majlisida qatnashadi.

Afg’onistonga Rossiya hududi orqali harbiy yuk yetkazish yo’llarini kengaytirish – kun tartibidagi asosiy mavzulardan.

NATO a’zolari, shuningdek, yadro qurollarini kamaytirishga qaratilgan START bitimini qo’llab-quvvatlamoqda. Barak Obama Rossiya bilan aprelda imzolangan bitim shu yil oxirigacha Kongressda ratifikatsiya qilinadi degan umidda.

NATO rahbarlari 2014 yilda Afg’onistonni tark etish rejasini ma’qulladi
NATO rahbarlari 2014 yilda Afg’onistonni tark etish rejasini ma’qulladi

Kelasi yil yanvarda yangi Kongressda respublikachilar ko’pchilikni tashkil etadi. Ular kelishuvni ma’qullash uchun qator talablar qo’ymoqda. Yadro arsenalini yangilash uchun ko’proq mablag’ ajratish - talablardan biri. Obama muxolifat bilan bu borada kelisha oladimi-yo’qmi, bu noma’lum.

Obama Vashingtonga qaytish oldidan Yevropa Ittifoqi rasmiylari bilan uchrashib, iqtisodiy hamkorlik haqida gaplashadi. Krizisni yengib, o’sishni qanday ta’minlash bobida fikrlar tarqoq.

Ma’lumki, Yevropa byudjet kamomadidan qutulish uchun sarf-xarajatni keskin kamaytirayotgan bir paytda, Qo’shma Shtatlar o’z iqtisodini jonlantirish uchun hamon milliardlab dollar pul sarflamoqda.

Yana bir shikoyat shuki, AQSh so’nggi payt Osiyo bilan munosabatlarni mustahkamlashga zo’r berib, azaliy ittifoqchilarini unutib qo’ymoqda.

Bu orada, Xavsizlik va Taraqqiyot bo’yicha Xalqaro Kengash xulosalariga ko’ra, Afg’onistonning ikki viloyati – Hilmand va Qandahorda aksar aholi 2001 yilning 11 sentyabr voqealaridan bexabar.

Markaz xodimlari bu yerda 1000 kishi bilan suhbat-intervyular o’tkazgan. So’rov natijasi shuki, ularning 92 foizi Afg’oniston bosib olinishiga sabab bo’lgan hujumlar haqida hech narsa bilmaydi.

Hilmand va Qandahor – xalqaro koalitsiya va toliblar o’rtasida ashaddiy janglar ketayotgan hududlar hamda qoradori makoni sanaladi.
Tadqiqotchilar bergan ma’lumotga ko’ra, bu viloyatlarda aholining 40 foizi “ koalitsiya kuchlari Afg’onistonga islom diniga qarshi kurashmoqda” degan fikrda.

Suhbatdoshlarning yarmidan ko’pi xorijiy askarlar ketgach, Afg’oniston beqaror bo’lib qolaveradi, deb hisoblaydi.

XS
SM
MD
LG