Bryusselda NATO anjumani, Trampning birinchi sammiti

  • Amerika Ovozi

NATO

NATO, Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi yetakchilari Bryusselda ko'rishar ekan, davlatlar tahdidlar oldida birlashishga tayyor. Britaniyadagi portlashlar sammitdagi kayfiyatga ta'sir qilgani shubhasiz. Ham vatanda, ham xorijda, jumladan, Afg'oniston kabi notinch yurtlarda terrorizmga qarshi kurash zaruratini tan olamiz, deydi rahbarlar.

Yevropa yetakchilari Amerika Prezidenti Donald Tramp bilan muloqot chog'ida Afg'onistondagi urush haqida atroflicha to'xtalmoqchi. AQSh rahbari NATO davlatlari bu urushga ko'proq hissa qo'shishini xohlaydi.

Ammo Germaniya Kansleri Angela Merkel bu masalada shoshmoqchi emas va NATO mamlakatlari xulosasini kutmoqchi.

AQSh Yevropadagi mudofaa xarajatini oshiradi. Askarlari mintaqada qolib, mashqlarga zo'r beradi va hokazo. O'z navbatida Tramp NATOga a'zo davlatlar yalpi daromadining ikki foizini mudofaaga ajratishi kerak, deb keladi.

Yevropa mamlakatlari bir narsaga ishonch hosil qilmoqchi: NATOning aksil-terror maqsad va manfaatlari faqat Yevropa va Atlantika davlatlari bilan cheklanib qolmaydi.

"Jahonning xavfsizligini ta'minlab turgan tashkilot shu", - deydi Britaniya sobiq Tashqi ishlar vaziri Deyvid Oven. "Global bir tashkilot va bugun ustuvor vazifasi "Islomiy davlat" to'dasini yer tishlatish. NATO Iroqdagi kuchlar bilan kelishgan holda bu jangari guruh bilan kurash olib borishi ma'qul ish bo'lar edi. Amerika o'z qudratini mana shunday foydali maqsadlarda qo'llashi kerak", - deydi Oven.

Sammitda Rossiya alohida mavzu bo'lib ko'tarilishi aniq. Germaniya, Avstriya va boshqalar Ukrainadagi ixtilof ketidan Moskva bilan aloqalar yangi yo'nalishda kechishidan umidvor. Zero Moskvaga qo'yilgan sanksiyalar bois Rossiyaning energetika eksportiga suyangan davlatlar qiynalib qolgan.

Yevropa rahbarlari Tramp bilan yuzma-yuz ko'rishib, ittifoqchilik aloqalari mustahkam ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilmoqchi. Tramp NATO kerakli tashkilot ekanini takrorlashini, AQSh uchun Yevropa xavfsizligi muhim ekanini yana bir bor eshitmoqchi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG