Breaking News

Bryusselda NATO yig'iniga tayyorgarlik, Tramp ham qatnashadi


24-25-may kunlari Prezident Donald Tramp Vatikandan Bryusselga yo’l olib, NATO, Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi yig’inida qatnashadi. Sovuq urush paytida tuzilgan bu tashkilot faoliyatida AQSh muhim rol o’ynab kelgan, ammo Donald Trampning bayonotlari a’zolarni xavotirga solmoqda.

O’tgan oy Tramp NATO rahbari bilan uchrashuvidan so’ng alyans haqidagi fikri o’zgarganini aytgan edi.

“NATO eskirgan emas”, - dedi u.

Saylov kampaniyasi paytida Tramp Amerika manfaatlari endi birinchi o’rinda bo’ladi, boshqalar bizning kuch-qudratimizni suiiste’mol qilmoqda, deb bong urgan edi.

Tahlilchi Jeyms Goldgeyerga ko’ra, Tramp o’shanda bilimi sayoz bir nomzod edi. 1949-yildan buyon davlat xavfsizligi markazida bo’lgan yaqin ittifoqchi bilan birdaniga aloqani uza olmaysiz, deydi u.

Oq uy rasmiylari jurnalistlarga tushuntirish berdi.

“Amerika manfaatlari ustuvor degani mamlakat boshqalardan o’zini ajratib qo’yadi degani emas. Ittifoqchilik rishtalarini mustahkamlash yo’lidan boramiz”, - deydi prezidentning xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi H. R. Makmaster.

Donald Tramp bir masalada yon bermayapti. Ya’ni NATOni moliyaviy jihatdan qo’llab-quvvatlashga hamma birdek hissa qo’shishi darkor. Davlatlar yalpi ichki mahsulotining ikki foizini mudofaa uchun ajratishi kerak.

“Shuncha sarmoya nima meva berayapti?” - deb so’raydi tahlilchi Stiven Blank. “Ko’p davlatlar mudofaa uchun endigina ko’proq mablag’ ajrata boshlagan. Alyans safini ham turli davlatlardan zobitlar bilan to’ldirish zarur”.

Ekspertlarga ko’ra, Rossiya agressiyasi, Yaqin Sharqdagi mojarolar hamda Afg’oniston va boshqa o’lkalarda terrorga qarshi kurash bois NATO bugun har qachongidan ahamiyatli. A’zolar Prezident Trampni ham shunga ishontira olishi kerak, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG