NATO anjumaniga qarshi Bryusselda namoyishlar bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Manchesterda yuz bergan terror xuruji ketidan NATO anjumani o'tayotgan Bryusselda xavfsizlik choralari kuchaytirildi. AQSh Prezidenti Donald Tramp harbiy alyansdagi ko'plab yetakchilar bilan ilk bor ko'rishmoqda. Tramp saylov kampaniyasi davrida NATOni "eskirgan tashkilot" deb atagan edi. Ammo so'nggi xurujlar ortidan uning fikri o'zgargan.

Bryusselda minglab so'l qanot namoyishchilar NATOga va AQSh prezidentiga qarshi namoyishlar o'tkazdi. Trampning NATOni boshida tanqid qilgani yoqgandi, ammo fikri o'zgarganidan norozimiz, deydi ular.

"Saylov kampaniyasi paytida Tramp ko'p yaxshi gaplarni aytdi. Amerika butun dunyoga burnini suqmasligini aytgandi. Bu zo'r gap. Ammo endi demokratlar va respublikachilar bosimi ostida fikri o'zgardi. Obamanikidek agressiv siyosat olib bormoqda", - deydi namoyishchilardan biri.

Tramp Bryusselga Angliyada yuz bergan terror xuruji ortidan Yevropada vaziyat taranglashgan bir paytda bordi. Terrorizmga qarshi keskin qarorlar qabul qilishning ayni vaqti.

"Manchesterda yuz bergan xurujlar masalasiga e'tibor qaratiladi. Bu vahshiyona hujumlarda bolalar, yoshlar va oilalar nishonga olindi", - deydi NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg.

Trampning asosiy maqsadi NATO a'zolarini mudofaa uchun ko'proq pul sarflashga, yillik yalpi ichki mahsulotlarining ikki foizini ajratishga undash.

"Progress bor. Uzoq yillik pasayishdan so'ng Yevropadagi ittifoqchilar va Kanadaning harbiy xarajatlari o'tgan yili milliardlab dollarga o'sdi", - dedi Stoltenberg.

Ammo ko'plab ijtimoiy dasturlarga ega G'arbiy Yevropa davlatlari uchun mudofaa xarajatlarini oshirish oson emas. Bryusseldagi namoyishchilar shunga qarshi.

"Ulkan miqdordagi pulni urushga sarflashmoqchi. Bu degani ta'lim, sog'liqni saqlash kabi sohalar katta mablag'dan ayriladi", - deydi namoyishchilardan biri.

Bu orada Fransiyaning yangi saylangan Prezidenti Emmanuel Makron mamlakatda favqulodda vaziyat muddatini uzaytirdi. Fransiya va Britaniyada yuz bergan so'nggi xurujlar NATO anjumanida tinchlik emas, ko'proq urush haqida muhokama bo'lishidan darak bermoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG