Breaking News

NATO a'zolari Varshavada nimaga kelishib oldi?


8-9-iyul kunlari Polshada majlis qilgan NATO yetakchilari afg'on armiyasi uchun treninglarni davom ettirishga kelishib oldi. Shu maqsadda har yili qariyb 1 milliard dollar ajratiladi.

AQSh yordami bilan qo'shib hisoblaganda, Afg'oniston qurolli kuchlariga atalgan madad yiliga 5 milliard dollarni tashkil etadi.

Prezident Barak Obamaning yaqinda e'lon qilingan qaroriga ko'ra, Qo'shma Shtatlar ham Afg'onistonda 8400 askarini qoldiradi. NATOga a'zo boshqa davlatlar esa yana 11 ming.

Bu shundan dalolatki, Afg'onistonda xavfsizlik bilan bog'liq vaziyat hanuz qaltis. Ba'zi hududlarda Tolibonning qo'li baland kelmoqda. Mamlakat janubi va sharqida "Islomiy davlat" to'dasi o'rnashib olgan.

AQSh rasmiylarining aytishicha, Varshavada o'tgan NATO sammiti bu tashkilot faoliyatida burilish nuqtasi hamdir. Ittifoqchilarga shunchaki dalda berishdan konkret yordamga o'tilmoqda.

Xususan, Rossiyani agressiv xatti-harakatlardan tiyish maqsadida AQSh Polshaga bir ming sonli kichik batalyon jo'natadi.
Estonia, Latviya va Litvada ham harbiy bo'linmalarni joylashtirishga kelishib olindi.
Tezkor qo'shin Rossiyaning agressiyasiga uchrashi mumkin deb ko'rilgan Boltiq davlatlari talabi bilan tuzilmoqda. Harbiy tahlilchilar fikricha, Rossiya armiyasi har qanday Boltiq davlati poytaxtini 60 soat ichida bosib olishga qodir.

Kreml, tabiiyki, bu jarayonlardan norozi va mintaqada qo'shimcha kuchlarni joylashlashtirishini bildirmoqda. Bundan tashqari, ruslar Ukraina mojarosiga aralashuvini to'xtatmagan.

AQSh senatori Ben Kardin Rossiyani agressor deb ataydi. "Unga xalqaro qonunlarni eslatishda davom etamiz. Ukraina yerini tortib olgani uchun sanksiyalar ham qo'ydik", - deydi qonunchi.

Shu yil boshida Chernogoriya NATOning 29-a'zosi bo'lish uchun rasman taklifnoma oldi. Alyansga qo'shilishdan asosiy maqsad barqarorlik va xavfsizlik, deydi Mudofaa vaziri Militsa Peyanovich-Durishich.

NATO yig'inidan bir necha hafta oldin Britaniya Yevropa Ittifoqini tark etish uchun ovoz berdi. Ayrimlar nazarida, referendum ittifoq birligini ham, NATO kelajagini ham savol ostiga qo'yadi. Senator Ben Kardinga ko'ra, xavotirlar o'rinsiz. AQSh har ikki uyushma bilan stragetik rishtalarini davom etttiradi, deydi u.

"Britaniya ittifoqdan ajralayotgani haqiqat. Masalaga tik boqib, o'ylab ish qilish kerak, - deydi senator. "Amerika Ovozi" bilan suhbatda Ben Kardin bugungi muammolar qatorida Rossiya tahdidi va terrorizmni tilga oldi. Alyans kuchli bo'lsa, har ikkisiga yechim topamiz, deya ishonch bildiradi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG